Jahon | 12:58 / 07.02.2026
2220
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiya va Kanada Grenlandiyada konsulxonalar ochdi

Parij grenlandiyaliklarni inqiroz paytida qo‘llab-quvvatlaydi, «agar ular va Daniya tomoni buni istasa», dedi Fransiyaning Grenlandiyadagi konsuli.

Foto: AP

Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida orolning zamonaviy tarixida ilk bor Fransiya va Kanada konsulxonalari ochildi. Ikkala diplomatik vakolatxonani ochish marosimlari juma kuni, 6 fevralda bo‘lib o‘tdi.

Kanada konsulxonasini ochish marosimida mamlakat tashqi ishlar vaziri Anita Anand va Kanada general-gubernatori lavozimini egallagan Meri Saymon ishtirok etdi. Saymonning aytishicha, Nuukda Kanada vakolatxonasining ochilishi nafaqat diplomatik aloqalarni mustahkamlaydi, balki «Kanadaning Grenlandiya xalqini hurmat qilishini, sizning demokratiyangiz, suverenitetingiz va o‘z kelajagingizni shakllantirish huquqingizga hurmatini ham tasdiqlaydi».

O‘z navbatida, orolda Fransiya konsuli bo‘lgan Jan-Noel Puare «agar inqiroz yuzaga kelsa, biz voqea joyida bo‘lishimizni tashkil etamiz», dedi. U shuningdek, o‘z oldiga «grenlandiyaliklarning pozitsiyasini tushunish» vazifasini qo‘yganini ta’kidlab, Fransiya mahalliy aholini «agar ular va Daniya tomoni buni xohlasa» qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lishini bildirdi. Shu bilan birga, fransuz konsulxonasining hozircha orolda doimiy manzili yo‘q.

Fransiya va Kanadaning Grenlandiyada konsulxonalar ochishi AQSh prezidenti Donald Trampning shimoliy orolni AQSh tarkibiga qo‘shish istagi haqidagi bayonotlari davom etayotgan fonga to‘g‘ri keldi.

Avvalroq Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro orolda konsulxona ochilishi «Fransiyaning Grenlandiyadagi ishtirokini kuchaytirish istagi bilan bog‘liq siyosiy signal» ekanini ta’kidlagan. Bu haqda 2025 yil yozidan beri ma’lum edi — o‘shanda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron siyosiy keskinlik fonida orolga tashrif buyurgan.

Kanada esa Grenlandiyada konsulxona ochish niyatini 2024 yilda, Tramp prezidentlik kreslosiga qaytishidan oldin bildirgan edi. Ottava bu niyatni Arktikani boshqarish «mahalliy tub xalqlar bilan hamkorlikda» amalga oshirilishi kerakligiga intilish bilan asoslagan.

Donald Tramp bir necha bor Grenlandiya AQSh nazoratiga o‘tishi kerakligini aytgan, chunki bu orol Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek AQSh milliy xavfsizlik manfaatlari nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari javoban Grenlandiya Daniyaning avtonom hududi bo‘lib, NATOning jamoaviy mudofaa me’yorlari bilan allaqachon himoyalanganini eslatgan. Bundan tashqari, orolda AQSh harbiy ishtiroki 1951 yilgi kelishuvga ko‘ra ta’minlanadi.

Yanvar oyida Tramp Arctic Endurance («Arktik chidamlilik») missiyasi doirasida Grenlandiyaga harbiylar yuborgan mamlakatlarga — Germaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyaga nisbatan bojlar joriy etish bilan tahdid qildi. Biroq ko‘p o‘tmay AQSh prezidenti mojaroni kuchaytirishdan voz kechdi: u NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuv davomida murosaga kelinganini aytdi. Muzokara ishtirokchilari kelishuv tafsilotlarini ochiqlamadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid