Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Pokiston bilan mudofaa sohasidagi kelishuvlar diqqatga sazovor” – siyosatshunos
Pokiston musulmon dunyosida harbiy qudrati bilan ajralib turadigan muhim davlatlardan biri. Yadroviy salohiyat, kuchli armiya va harbiy sanoati uning mintaqaviy ta’sirini belgilaydi. O‘zbekiston uchun Pokiston faqat harbiy qudrati bilan emas, balki dengizga chiqish imkoniyatini ochishi bilan ham muhim ahamiyatga ega. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi so‘nggi tashrif yutuqlari xususida so‘z yuritdi.
Pokiston musulmon dunyosi uchun qanchalik muhim davlat?
Kamoliddin Rabbimov: O‘zbekiston janubida joylashgan va musulmon aholisi ustun bo‘lgan bir nechta muhim davlatlar bor. O‘zbekiston bu davlatlarning har biri bilan ishonchli va muvozanatli aloqalarni rivojlantirishi zarur. Avvalo Afg‘oniston, Eron Islom Respublikasi, Pokiston va Turkiya. Hindiston ham mintaqada muhim davlat hisoblanadi, biroq uning aholisi tarkibida musulmonlar ulushi 20 foizga ham yetmaydi. Bundan tashqari, bugungi Hindiston siyosatida millatchi va ksenofob qarashlar kuchaygani ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Musulmon dunyosi deganda aholisi asosan islom diniga e’tiqod qiladigan yoki siyosiy va iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 50 dan ortiq davlatlar nazarda tutiladi. Ana shu davlatlar ichida aholi soni bo‘yicha ikkinchi yirik mustaqil mamlakat bu Pokiston va Indoneziya.
Pokistonning ahamiyatini oshiradigan eng muhim omillardan biri — uning yadroviy qurolga ega ekanidir. Bugungi xalqaro munosabatlar tizimida bu juda jiddiy strategik omil hisoblanadi. Hozir dunyoda to‘qqizta davlat yadro quroliga ega: ularning beshtasi rasmiy tan olingan, to‘rttasi esa qisman yoki norasmiy maqomga ega. Pokistonda harbiylar siyosiy hayotda markaziy rol o‘ynaydi. Ayrim davlatlarda harbiylar siyosatdan chetda turadi va siyosatga kirish uchun xizmatni tark etishi talab qilinadi. Pokistonda esa xuddi Misrda bo‘lgani kabi harbiy elitaga mansub generallar avtomatik tarzda siyosiy arbob sifatida qaraladi. Turkiyada ham Erdo‘g‘angacha shunday tizim mavjud edi, ammo so‘nggi yillarda bu qoidalar o‘zgardi.
Pokistonning harbiy qudrati uning musulmon dunyosidagi ta’sirini belgilab bermoqda. So‘nggi davrda ayniqsa Pokiston, Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ittifoqchilik aloqalari faollashmoqda. Bu jarayon ayrim masalalarda Isroilni tiyib turish mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Pokiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi harbiy-siyosiy yaqinlashuv ham kuchayib bormoqda, bu esa mintaqaviy kuchlarga muayyan signal sifatida baholanmoqda.
Shu sababli O‘zbekiston rahbariyatining Pokistonga tashrifi chog‘ida harbiy doiralar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani tabiiy hol. O‘zbekiston prezidentini Pokiston havo hududida harbiy qiruvchi samolyotlar kutib olgani esa alohida hurmat belgisi sifatida qaraladi. Umuman olganda, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan har ikki tomon ham manfaatdor.
Prezident Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi davomida qanday kelishuvlarga erishildi?
Anvar Yo‘ldoshev: Tashrif doirasidagi uchrashuvlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dastur nihoyatda boy bo‘lgani yaqqol ko‘rindi. Yigirmadan ortiq kelishuvlar imzolandi, ko‘plab rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Prezidentimiz biznes forumda va boshqa muhim tadbirlarda ishtirok etdilar.
Shu jarayonda mudofaa sohasiga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor. Imzolangan hujjatlar orasida ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida “yo‘l xaritasi” qabul qilingani qayd etildi. Bundan tashqari, prezidentimiz Pokiston Mudofaa vazirligida bo‘lib, u yerdagi yuqori martabali harbiy rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston mudofaa sohasi vakillarining ham ishtirok etgani bu masalaning strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Bu holat O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Avvalroq, xususan, 2022 yilda prezidentimizning Pokistonga tashrifi chog‘ida va 2025 yilda Shahboz Sharifning O‘zbekistonga kelishi vaqtida ham bu yo‘nalishdagi masalalar muhokama qilingan edi. Bugungi kelishuvlar ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi bo‘lib, hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan. Pokiston harbiy sanoat va texnologiyalar sohasida muhim yutuqlarga erishmoqda. Xususan, harbiy samolyotlar ishlab chiqarish va eksport qilish borasidagi tajribasi alohida qayd etildi.
Kelgusida O‘zbekiston tomonidan ushbu texnikalarni sotib olish, shuningdek, boshqa harbiy texnologiyalar va mudofaa infratuzilmasi yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan aniq rejalar belgilandi. Bu borada yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan va uning natijalari yaqin davrda ko‘rinishi kutilmoqda.
Tashrif davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham muhim o‘rin tutdi. Agar 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 245 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning o‘zida bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsion loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Umuman olganda, ushbu tashrif O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
10:45 / 07.02.2026
Pokistonga sayohatlar ko‘paydi: o‘zbekistonliklar oqimi keskin oshgan
23:10 / 06.02.2026
Xitoyning eng katta generallari ishdan olindi. Nega?
16:09 / 06.02.2026
Pokiston poytaxti Islomoboddagi masjidda kuchli portlash sodir etildi
15:39 / 06.02.2026