Jahon | 14:18
767
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aviachipta bron qilishning Leonardo tizimini milliylashtirmoqchi

RFda aviachiptalarni bron qilish uchun mo‘ljallangan Leonardo tizimini ishlab chiqqan kompaniyada davlat bilan ulushni bo‘lishib turgan xususiy shaxslarning aktivlari xatlovga olindi, deb yozadi RBK.

Foto: Look/news.ru/press.media/picture alliance

RF Bosh prokuraturasi «Sirena-Trevel» kompaniyasi — aviachiptalarni bron qilishning Leonardo tizimi ishlab chiquvchining xususiy mulkdorlariga tegishli mol-mulkni davlatga o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda juma kuni, 6 fevralda RBK nashri Moskvaning Nikulin tuman sudi kartotekasiga tayanib xabar berdi.

Ish tafsilotlari ma’lum emas. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, prokuratura o‘z talablarini 230-FZ — «Davlat lavozimlarini egallab turgan shaxslar va boshqa ayrim shaxslar xarajatlarining ular daromadlariga muvofiqligini nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan asoslamoqda.

RBKning uch manbasi Rossiya hokimiyati «Sirena-Trevel»ga tegishli, xususiy shaxslar va tijoriy tuzilmalar ixtiyorida bo‘lgan aktivlarni milliylashtirishni rejalashtirayotganini tasdiqlagan. Nashr suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, da’vo arizasida ko‘rsatilgan shaxslarning ko‘chmas mulki allaqachon xatlovga olingan, RF hududida bo‘lganlariga esa mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan. RBK qayd etishicha, RF Bosh prokuraturasi odatda bunday choralarni «antikorrupsion da’volar» doirasida so‘raydi.

Da’vo bo‘yicha birinchi sud majlisi 18 fevralga belgilangan. Javobgarlar orasida, xususan, «Sirena-Trevel» bosh direktori Mixail Baskakov, uning o‘g‘li Innokentiy Baskakov, Rasul va Ibrohim Suleymanovlar, Konstantin Kivi, Artur Surinov, Valeriy Nesterov va kompaniyada ulushga ega bo‘lgan boshqa xususiy shaxslar bor, deb yozadi RBK.

«Sirena-Trevel» — Moskvada joylashgan dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi kompaniya. U aviachiptalarni bron qilishning Leonardo tizimi, shuningdek aeroportlarda yo‘lovchi va yuk (bagaj)ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan «Astra» tizimi bilan tanilgan. Leonardo tizimidan Rossiyaning yirik aviakompaniyalari ko‘pchiligi foydalanadi. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, RFda aviachipta bronlarining 80–90 foizi shu tizim orqali o‘tadi.

Leonardo’ga e’tibor yanvar oyi oxirida, bron qilish tizimidagi yirik uzilish RFning qator shaharlarida, jumladan Moskvadagi Sheremetevo va Sankt-Peterburgdagi Pulkovo kabi yirik havo uzellarida reyslar kechikishi va bekor qilinishiga sabab bo‘lganidan keyin kuchaygan edi. O‘shanda «Sirena-Trevel»da ulushdorlardan biri bo‘lgan davlat korporatsiyasi «Rostex» nosozliklarni «provayder tomonidagi ichki texnik muammo» bilan izohlagan.

2023 yilda «Rostex» Leonardo tizimiga kiberhujumlar bo‘lgani, ular Rossiya aviakompaniyalarining ishida uzilishlarga olib kelganini ma’lum qilgan. O‘shanda korporatsiyada aytilishicha, hujumlarning maqsadi Rossiyada aviaqatnovlarni beqarorlashtirish bo‘lgan, ular esa «bir nechta mamlakatlar hududidan, jumladan Ukrainadan» amalga oshirilgan.

So‘nggi yillarda RFning Ukrainaga hujumi fonida Rossiya hokimiyati bosqichma-bosqich «mulkni qayta taqsimlash»ni amalga oshirib, xususiy shaxslarga tegishli aktivlarni davlat mulkiga o‘tkazmoqda. Keyin bu aktivlar ko‘pincha RF prezidentiga yaqin deb hisoblangan shaxslarga boshqaruvga yoki mulkka berilgani aytilmoqda.

Aviasohada shunday voqealardan eng ko‘zga ko‘ringani — 2025 yil yozida Domodedovo aeroportining milliylashtirilishi bo‘ldi. Aeroport davlat mulkiga o‘tkazilib, keyin qayta sotilgan, biroq Kamenshchik (aeroportning avvalgi mulkdori) hali ham o‘z aktivlarini milliylashtirish to‘g‘risidagi qaror ustidan RF Oliy sudida bahslashishga urinayotgani qayd etiladi. Domodedovo xaridori sifatida Moskvadagi boshqa aeroport — Sheremetevo bilan bog‘liq tuzilmalar ko‘rsatilgan. Ularni esa hamkorlari bilan birga Putinning yaqin do‘sti deb ataladigan biznesmen Arkadiy Rotenberg nazorat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid