Jahon | 22:22
1524
7 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga «Oreshnik» bilan hujum: navbat Zelenskiy ofisigami?

Yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya urush boshidan buyon Ukraina poytaxti Kiyevga eng vayronkor hujumlardan birini amalga oshirdi. Hujum uchun yuzlab dron, o‘nlab turli xil raketa va ballistik raketalardan foydalanishdi. Ukraina poytaxi «Oreshnik», «Kinjal», «Iskander», «Tsirkon» degan vahimali raketalar bilan nishonga olindi. Yadroviy qurollar ishlatilmadi xolos.

Va bunday zarbalar davom etarkan. Rossiya TIV «qaror qabul qilinadigan markazlarga zarba berilishini» anons qilib, Zelenskiy ofisi ham nishonga olinishi mumkinligiga ishora berdi. Ukraina shaharlarini bunday vajohat bilan bombalayotgani aslida Rossiyaning frontda ishlari yurishmayotganini bildiradi.

«Oreshnik» ikkitamidi?

Rossiya tomoni Kiyevga yoppa hujumni «ukrainlarning kollejga qilgan hujumi uchun javob» deb atamoqda, lekin bu aslida Moskvaga qilingan keng ko‘lamli dron hujumi uchun revansh bo‘lganini tushunish qiyin emas. Putin uchun urush Moskvagacha yetib bormasligi juda muhim, ukrainlar ana shu «qizil chiziq»ni bosgani uning jahlini chiqardi. Bir kecha davomida Kiyevning kamida qirqta hududida portlash sodir bo‘lgan. Doimgidek asosan turar joy binolari, ijtimoiy obektlar, shuningdek, muzey hamda boshqa madaniy binolar hujumga uchradi.

Ukrainlar Eron dronlarini urishning piri bo‘lib ketgani uchun «moped»lar jiddiy zarar yetkaza olmagan. Biroq katta bombalar, million-million dollar turadigan qanotli va ballistik raketalar Ukraina poytaxtida jiddiy vayrongarchiliklar keltirib chiqardi. Bu gal hujumda Putin yaxshi ko‘radigan «Oreshnik» degan ballistik raketadan ham foydalanishdi. Hozirgacha Rossiya bu raketadan bir marta Dneprga, bir marta Lvivga otgandi. Bu gal Kiyevning Belaya Tserkov tumaniga avval 6 ta, keyin 36 taga bo‘lakka bo‘linishi bilan ajralib turadigan ballistik raketa borib tushdi.

Ukrain nashrlariga ko‘ra, ruslar aslida bir kecha davomida bitta emas, ikkita «Oreshnik» otgan. Birinchi raketa nishonda adashib, Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududiga tushgani aytilmoqda. Nishonga tekkan «Oreshnik» esa Kiyevdagi garajlar ustiga tushgan. U yerdan video olgan ukrainlar «Oreshnik» Sasha amakining garajiga tushibdi, demak barcha strategik qarorlar mana shu mashina ta’mirlovchi amaki tomonidan qabul qilingan ekan, deb hazillashmoqda.

Bu hali hammasi emaskan, Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, «Moskvaning toqati toq bo‘libdi» va endigi zarbalar «qaror qabul qilinadigan markazlarga» bo‘larkan. Vaholanki, yakshanbaga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujumlar ham «qaror qabul qilinadigan markazlarga» berilishi anons qilingandi. Rossiya bosh diplomatik idorasi xorijiy fuqarolarni Kiyevni tezroq tark etishga, mahalliy ukrainlarni harbiy obektlarga yaqinlashmaslikka chaqirdi.

Bu nima degani?

Rossiyada urush tarafdorlari Kiyevga zarbalarni katta xursandchilik bilan qarshiladi. Rossiyadagi yagona sobiq prezidenti rutbasiga ega Dmitriy Medvedev kabi urush tarafdorlari «zarbalar yanayam ayovsiz bo‘lishini» talab qildi. Z-voyenkorlar «bir oy tinimsiz mana shunday zarbalar berilsa, Kiyev yashash uchun yaroqsiz shaharga aylanishini» aytib, ko‘tarinki ruhda postlar yozdi.

Rossiya qo‘liga ilingan raketalarni otish orqali o‘z raketa arsenalini ko‘z-ko‘z qilib olgan bo‘lishi mumkin, lekin aslida bunday hujum ruslar uchun frontda ishlar yaxshi emasligini bildiradi. Chunki frontda Rossiya o‘z istagan vayronalarni reja bo‘yicha egallayotgan bo‘lganida, Kiyevni bombalashga bunaqa katta pul sarflab o‘tirmasdi. Lekin dronlar sabab frontda ilgarilash qiyin bo‘lib qoldi. Shu sabab Putin navbatdagi marta ukrainlarni vahimali raketalar bilan qo‘rqitib urushni yengmoqchi bo‘layotgan ko‘rinadi.

Bunday hujumlarga hech kim reaksiya qilmayotgani Rossiyaning battar ishtahasini ochadi. Chunki hozir dunyoda hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan. Tramp do‘sti Netanyahu bilan birga Erondan uch-to‘rt bochka uranni olib chiqish payida, Yevropa Amerika bilan sovuqlashgan, Rossiyaga qarshi hech nima qila olmaydi. Rossiyaga javob berishi mumkin bo‘lgan yagona davlat – Ukrainaning o‘zi. Ular javob berishmoqda, lekin keskin cheklangan imkoniyatlar doirasida.

Rossiya istagan ishini qilyapti, xohlagan raketasini Ukrainaning xohlagan joyiga otyapti va qarasa, «osmon uzilib yerga tushgani yo‘q», yangi sanksiyalar qo‘yilmayapti, qaytanga Tramp neft bo‘yicha eng asosiy sanksiyalarni olib tashladi. Erondagi urush sabab neft qimmatlab ketgan, Rossiya milliardlab dollar qo‘shimcha daromat qilyapti. Rossiyada katta pul bo‘lsa, nima bo‘lishini bilish uchun shunchaki yaqin tarixga boqish kifoya.

Kiyevga bu darajada hujum qilinishi dunyo qanchalik ojiz bo‘lib qolganini ham ko‘rsatadi. Kuchlilar kuchsizlarga xohlaganicha hujum qilayotgani dunyoda barcha tartibotlar yo‘q bo‘lganini bildiradi. Bemalol aytsak bo‘ladi, dunyoda xalqaro huquq degan tushunchaning o‘zi qolmadi. Kim o‘zini zo‘r deb hisoblasa, o‘sha xohlagan ishini qilib yotibdi: Amerika Eronni bombalaydi, Xitoy Tayvan atrofida kema to‘playdi, Rossiya Ukrainani xohlaganicha bombalaydi. Va hech kim ularga indamaydi.

O‘tgan asrda dunyo ikki marta mana shunday xaosni boshdan kechirgan. O‘shanda ham o‘zini kuchli deb bilganlar kuchsizlarga turli da’volar bilan hujum qilgan. Va ikki holatda ham barchasi juda yomon tugagan. Zamonaviy dunyoda bunday bo‘lmasligi kerak. Davlatlar fuqaroga yaxshiroq sharoit, ko‘proq maosh berayotgani, odamlari salomatroq, uzoqroq yashayotgani bilan musobaqalashishi kerak. Okopda ishlari o‘xshamasa, tinch aholining ustiga raketa tashlab maqtanishi kerak emas!

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid