Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Stefanchuk: Rossiya muzokara jarayonini cho‘zmoqda
Ukraina Oliy radasi spikeri DW’ga aytishicha, Ukraina va AQSh Moskvaga urushni yakunlash bo‘yicha kelishish vaqti kelganini anglatib qo‘yishi kerak. Ruslan Stefanchuk AQSh Kongressi Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini ratifikatsiya qilishi ehtimolini ham muhokama qildi.
Foto: AP
Rossiya Ukrainaga qarshi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni cho‘zmoqda. Bu haqda Ukraina Oliy radasi spikeri Ruslan Stefanchuk juma kuni, 6 fevralda Vashingtonda DW’ga bergan intervyusida aytdi.
«Bu — Rossiyaning an’anaviy mohiyati. U “Biz hech qanday shartlarsiz har qanday narsaga tayyormiz, lekin, lekin, lekin...” deydi. Ular (rossiyaliklar — tahr.) bu jarayonni cho‘zmoqda», — dedi u. «Biz uchun esa muhimki, ukrainlar va amerikaliklar birgalikda namoyon eta oladigan aniq, qat’iy harakatlar rossiyaliklarga bu urushni tugatish bo‘yicha kelishishi kerakligini tushuntirsin», — deya qo‘shimcha qildi Stefanchuk va Ukraina muzokarachilari zarur bo‘lgan barcha ishni qilayotganiga ishonch bildirdi.
5 fevral kuni Abu-Dabida Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida tinchlik yo‘lida kelishuvga erishishga qaratilgan ikki kunlik muzokaralar yakunlangan edi.
Vashingtonga tashrifi chog‘ida Stefanchuk AQSh Kongressida Ukraina uchun AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlarini ratifikatsiya qilish imkoniyatini Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan muhokama qildi.
«Bu juda muhim: biz kecha spiker Jonson bilan gaplashdik — Ukrainada Budapesht memorandumi bo‘yicha salbiy tajriba bor, bizga majburiy (huquqiy jihatdan bog‘lovchi) xavfsizlik kafolatlari kerak, biz ularni ham Kongressda, ham Ukraina Oliy radasida ratifikatsiya qilishga tayyor bo‘lamiz», — deya ta’kidladi u.
Rada spikeri Kiyev uchun Jonsonning qo‘llab-quvvatlovi muhimligini qayd etdi. «Biz birinchi marta uchrashayotganimiz yo‘q. U bilan doimiy ravishda qo‘ng‘iroqlashamiz, bu masalalar bo‘yicha muvofiqlashamiz. U to‘g‘ridan to‘g‘ri mendan ma’lumot olish imkoniyatiga ega», — dedi Ruslan Stefanchuk.
Ukrain siyosatchisi, xususan, senatorlar Lindsi Grem (Janubiy Karolina shtati, respublikachi) va Richard Blyumental (Konnektikut shtati, demokrat) bilan Ukrainaga Tomahawk raketalarini berish masalasini muhokama qilgan. «Ukraina tinchlikni istaydi, shuning uchun biz diplomatik maydonda ham yechim variantlarini izlayapmiz», — dedi DW suhbatdoshi.
Avvalroq, 2025 yil noyabr oyida Ruslan Stefanchuk Kiyev uchun muzokaralardagi «qizil chiziqlar» sifatida quyidagilarni atagan edi: Rossiya bosib olgan hududlarni rasman tan olish, Ukraina mudofaa kuchlarini cheklash va mamlakatning kelajakdagi ittifoqlariga cheklov qo‘yish.
Mavzuga oid
15:59
Sanksiyalar: YeI sudi Rossiyadan olib kirilgan avtomobillarni musodara qilishga ruxsat berdi
15:42
Estoniya Rossiyadan urush ishtirokchilarini Shengenga kiritmaydi
15:10
Ukraina - Germaniyadan qurol-yarog‘ olayotgan eng muhim qabul qiluvchi davlat
14:18