Jahon | 09:34
772
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Mudofaa vazirligi Harvard bilan ilmiy hamkorlikni to‘xtatmoqda

“Harvard voukizmni qo‘llab-quvvatlaydi, urush vazirligi esa - yo‘q”, - dedi Pentagon rahbari Pit Hegset. Uning aytishicha, AQSh Mudofaa vazirligi Harvard bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni to‘xtatadi.

Foto: Shutterstock

AQSh Mudofaa vazirligi Harvard universiteti bilan ilmiy va ta’limiy hamkorlikni to‘xtatmoqda. Bu haqda Pentagon rahbari Pit Hegset shanba kuni, 7 fevralda, X mikroblogida ma’lum qildi.

U bu qarorni shunday izohladi: “Harvard voukizmni bo‘lishadi (qo‘llab-quvvatlaydi), urush vazirligi esa (AQSh Mudofaa vazirligining muqobil nomi, Donald Tramp ma’muriyati muomalaga kiritgan — tahr.) — yo‘q”.

AFP agentligi eslatishicha, o‘tgan yildan beri Harvard va AQShning boshqa elita universitetlari prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan kuchli bosimni his qilmoqda: ma’muriyat ularni “so‘l ideologiyaga ortiqcha moyillik”da ayblaydi.

“Juda uzoq vaqt davomida bu vazirlik (AQSh Mudofaa vazirligi — tahr.) Harvardga o‘zining eng yaxshi va eng aqlli ofitserlarini yubordi — bu universitet harbiylarimizni yaxshiroq tushunadi, degan umidda. Biroq, aksincha, ko‘p ofitserlar globalistik va radikal ideologiya bilan to‘lib-toshgan holda qaytdi — bu esa qo‘shinlarimizga foyda bermadi”, — dedi Hegset.

Ma’lum qilinishicha, Pentagonning Harvard bilan hamkorligi 2026-2027 o‘quv yili boshlanishigacha to‘liq to‘xtatiladi. Shuning uchun hozir u yerda ta’lim olayotgan harbiy xizmatchilar kursni tugatishga ulguradi.

Shu paytgacha AQSh Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarni harbiy fanlar sohasida ta’lim olishi uchun stipendiyalar va boshqa dasturlar orqali Harvardga yuborib kelgan. Hegsetning aytishicha, Mudofaa vazirligi “Ayvi liga”siga (Ivy League) kiruvchi boshqa universitetlar bilan ham hamkorlik qanchalik maqbul ekanini qayta ko‘rib chiqadi. Gap AQShda xalqaro ilmiy mukofotlarga boy, ayniqsa nufuzli va moliyaviy jihatdan kuchli universitetlar haqida bormoqda. Ular qatoriga, jumladan, Prinston va Yyel universitetlari ham kiradi.

Hozirda AQSh hukumati va Harvard universiteti muzlatib qo‘yilgan tadqiqot grantlari masalasi bo‘yicha sudlashmoqda. 1 fevral kuni AQSh hukumati oliygohdan 1 mlrd dollar miqdorida “yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya” to‘lashni talab qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid