Tramp o‘z nutqini AQShning bugungi holatini maqtash bilan boshladi. Uning aytishicha, mamlakat ikki yil avval iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz holatida bo‘lgan bo‘lsa, hozir dunyodagi eng kuchli davlatlardan biriga aylangan.
Prezident inflatsiya pasayayotgani, fond bozorlari rekord ko‘rsatkichlarga chiqqani, ish bilan bandlik oshgani va yangi soliq imtiyozlari amerikalik oilalar daromadiga ijobiy ta’sir qilayotganini ta’kidladi. U dori-darmonlar narxi ham keskin tushayotganini aytib, bu natijani o‘z ma’muriyati siyosati bilan bog‘ladi.
Shuningdek, Tramp yangi tug‘ilgan va voyaga yetayotgan bolalar uchun maxsus investitsiya hisoblari joriy etilganini, bu tizim kelajakda yoshlarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishini bildirdi.
Prezident chegaralar masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, noqonuniy migratsiya deyarli to‘xtatilgan va AQSh tarixidagi eng xavfsiz chegara tizimi yaratilgan.
Nutqi davomida Tramp jinoyatchilik darajasi keskin kamaygani, qotilliklar soni esa so‘nggi yuz yildan ortiq davrdagi eng past ko‘rsatkichga tushganini aytdi. U AQSh armiyasi dunyodagi eng qudratli harbiy kuch bo‘lib qolayotganini ham ta’kidladi.
Tashqi siyosatga to‘xtalgan prezident Venesuela bilan energetika sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron bilan bog‘liq masalalarda ham AQSh katta natijalarga erishayotganini, buning samarasi yaqin orada ko‘rinishini aytdi.
Biroq murojaatning asosiy qismi saylovlar xavfsizligiga bag‘ishlandi.
Tramp AQSh razvedka va xavfsizlik idoralari tomonidan tayyorlangan bir qator hujjatlar maxfiylikdan chiqarilayotganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjatlar Amerika saylov tizimida jiddiy zaifliklar mavjudligini ko‘rsatadi.
Prezidentning eng katta da’volaridan biri Xitoy bilan bog‘liq bo‘ldi. Uning aytishicha, Xitoy 2020 yilgi saylovlar davrida 220 million amerikalik saylovchiga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan. Tramp bu ma’lumotlar orasida saylovchilarning ism-sharifi, manzili, telefon raqami va boshqa shaxsiy ma’lumotlar bo‘lganini ta’kidladi.
Bundan ham jiddiyroq ayblov sifatida Tramp ayrim razvedka amaldorlari ushbu ma’lumotlarni yashirishga uringanini bildirdi. Prezidentning fikricha, AQShdagi ayrim mansabdorlar Xitoyning ehtimoliy aralashuvi haqidagi ma’lumotlarni na Kongressga, na jamoatchilikka ochiqlagan.
Tramp Markaziy razvedka boshqarmasi va boshqa maxsus xizmatlar hisobotlariga tayanib, Xitoy hukumati uning qayta saylanishiga qarshi ishlaganini ham da’vo qildi.









