Jahon | 11:43
1006
2 daqiqa o‘qiladi

Lufthansa uchuvchilari 24 soatlik ish tashlash e’lon qildi

Lufthansa uchuvchilari va bortkuzatuvchilari kasaba uyushmalari 12 fevral kuni 24 soatlik ish tashlash o‘tkazishini ma’lum qildi. Ular pensiya shartlarini yaxshilashni va kompaniyada xodimlar soni qisqartirilishi masalasi yuzasidan rahbariyat bilan muzokaralar olib borishni talab qilmoqda.

Foto: Reuters

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari va bortkuzatuvchilari payshanba kuni, 12 fevralda 24 soatlik ish tashlash uyushtiradi. Bu haqda seshanba kuni, 10 fevralda uchuvchilar kasaba uyushmasi Vereinigung Cockpit (VC) va bortkuzatuvchilar kasaba uyushmasi UFO xabar berdi. Ular Lufthansa xodimlari uchun pensiya shartlarini yaxshilash, shuningdek kompaniyada kutilayotgan shtat qisqartirishlari bo‘yicha rahbariyat bilan muzokaralar o‘tkazishni talab qilmoqda.

Ish tashlash munosabati bilan Lufthansa Frankfurt-Mayn, Myunxen, Hamburg, Berlin, Dyusseldorf va Germaniyaning boshqa shaharlaridagi aeroportlardan parvoz qilishi kerak bo‘lgan barcha reyslarni bekor qiladi.

VC vitse-prezidenti Andreas Pineyru kasaba uyushmasi a’zolari “keskinlashuvdan juda qochishni istaganini”, ammo Lufthansa rahbariyati tomonidan hech qanday yon berish bo‘lmaganini aytdi. Aviakompaniya matbuot kotibi Mark Baron esa ish tashlashni “nomuvofiq chora” deb atab, kasaba uyushmalarini muloqotga chaqirdi.

Lufthansa’ning so‘nggi moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda kompaniya foydasining beshdan bir qismini yo‘qotgan, kompaniyaning rentabelligi esa boshqa yetakchi Yevropa fuqarolik aviakompaniyalari ko‘rsatkichlaridan orqada qolgan.

Shu fonda Lufthansa qarz yukini pasaytirish maqsadida xarajatlarni qisqartirishni e’lon qildi. Xususan, kompaniya taxminan 4000 ta ish o‘rnini (umumiy shtatning qariyb 4 foizi) qisqartirishni rejalashtirmoqda. Qisqartirishlarning taxminan 800 tasi bortkuzatuvchilar shtatiga to‘g‘ri keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid