O‘zbekiston | 13:57 / 11.02.2026
1203
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Rossiya hamkorligida yadro tibbiyoti bo‘yicha strategiya tayyorlanadi

10 fevral kuni «O‘zatom» agentligida O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish o‘tkazildi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar yadro tibbiyoti infratuzilmasini yaratish va sohani rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi hamda strategiyani birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.

Foto: O‘zatom

10 fevral kuni «O‘zatom» agentligida O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ushbu strategik muhim yo‘nalishdagi faol hamkorlik doirasida tashkil etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti, «Radiopreparat» davlat korxonasi, mamlakatning yetakchi tibbiyot markazlari rahbariyati va vakillari, shuningdek, «Rosatom qurilish texnologiyalari» divizioni ekspertlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Rossiya tomoni yadro tibbiyotining zamonaviy infratuzilmasini yaratish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, siklotron komplekslari, radiofarmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda PET/KT diagnostika markazlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy yondashuvlar va xalqaro amaliyotdagi “tayyor holda topshiriladigan” loyihalar misol qilib keltirildi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va strategiyani hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Qayd etilishicha, ushbu hujjatlar texnologiyalar transferi, mutaxassislar tayyorlash va sog‘liqni saqlash sifatiga xizmat qiladi.

Loyiha yadro texnologiyalariga asoslangan erta tashxis qo‘yish va zamonaviy davolash usullarini keng joriy etish orqali onkologik kasalliklarning og‘ir oqibatlarini kamaytirish, yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, Toshkentda Yadro tibbiyoti markazi loyihasi doirasida 2026 yilda PET/KT, siklotron, radiofarmlaboratoriya, gamma-pichoq va kiber-pichoq kabi uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilayotgani ham ta’kidlandi. «O‘zatom» agentligi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda onkologik kasalliklarni zamonaviy tashxislash va davolash imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid