Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Slavyanskka aviabombalar tashladi: ona va bola halok bo‘ldi
Rossiyaning Slavyanskka aviabombalar bilan bergan zarbasi natijasida bir ayol va uning bolasi halok bo‘ldi. Yana 16 kishi yaralandi.
10 fevral, seshanba kuni Slavyanskka qilingan Rossiya zarbalari qurboni ikki kishi — ayol va uning 11 yoshli qizi bo‘ldi. Bu haqda Donetsk viloyati prokuraturasi xabarida aytilgan.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujumda yaralanganlar soni 16 nafarga yetgan. Qayd etilishicha, RF Qurolli kuchlari Slavyanskka UMPK (rejalashtirish va korreksiya qilishning unifikatsiyalangan moduli) o‘rnatilgan “FAB-250” turidagi oltita bomba bilan zarba bergan. Bu — qanotchalar va sun’iy yo‘ldosh orqali yo‘naltirishga ega bo‘lgan ulanma aerodinamik jihoz bo‘lib, u oddiy fugas aviabombalarni (FAB) boshqariladigan planerlovchi aviabombalarga (KAB) aylantiradi.
Donetsk viloyati politsiyasi ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan ayol va uning 11 yoshli qizi jasadlari vayronalar ostida topilib, chiqarib olingan. Yaralanganlar orasida kamida bir nafar bola ham bor — 7 yoshli qizcha. “Xususiy uylar, texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi, qozonxona, shuningdek noturar joy binolari shikastlandi”, — deyiladi xabarda.
Bundan oldin Donetsk viloyati davlat ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin yaralanganlar orasida 1980 yilda tug‘ilgan va og‘ir ahvolda bo‘lgan erkak borligini bildirgan. “Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 14 ta xususiy uy, ikkita ko‘p qavatli uy, ma’muriy bino, omborlar va angarlar, infratuzilma obekti, do‘kon, yonilg‘i quyish shoxobchasi va 28 ta avtomobil shikastlangan”, — deb yozgan mansabdor.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 10 fevralga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 125 ta dron bilan hujum qilgan, ularning taxminan 80 tasi Shahed turidagi dronlar. Dronlar quyidagi yo‘nalishlardan uchirilgani aytiladi: Kursk, Oryol, Bryansk, Primorsko-Axtarsk, Shatalovo, Millerovo (RF hududi).
Ma’lumotnomaga ko‘ra, Ukraina HHM kuchlari mamlakatning shimoli, janubi va sharqida 110 ta dronni urib tushirgan yoki neytrallashtirgan. Shu bilan birga, Havo kuchlari hisobotida 13 ta hujumkor dron 6 ta joyda nishonga tekkani, shuningdek 2 ta joyda parchalar tushgani qayd etilgan.
Rossiya zarbalari natijasida Zaporijjyada to‘rt kishi yaralangan, ular orasida ikki nafar bola bor. Odessa viloyatida DTEK’ning energetika obekti shikastlangan, uchta jamoat elektr ta’minotisiz qolgan.
Mavzuga oid
14:20
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026