Jamiyat | 10:38
2631
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi “Dna motors” avtosaloni mansabdorlari qamoqqa olindi

Ular Xitoy avtomobillarini qulay shartlarda sotish va’dasi bilan ko‘plab fuqarolarning pulini o‘zlashtirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazilgan zarar 10 mlrd so‘mdan ortiq. Avtosalon mansabdorlari juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etishda gumonlanmoqda.

Foto: Dna motors

Toshkent shahridagi “Dna motors” MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Kun.uz’ga mazkur shaxslarga aldangan jabrlanuvchilar xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Dna motors” mansabdorlari ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarni qulay shartlarda sotish to‘g‘risida jozibali reklamalar joylashtirgan. Fuqarolar ushbu reklamalarni ko‘rib, avtomobil xarid qilish uchun ular bilan shartnoma tuzgan va to‘lovlarni amalga oshirgan. 

Ammo avtosalon shartnoma shartlarini bajarmagan: avtomobillar aytilgan vaqtda yetkazib berilmagan. Holat yuzasidan e’tiroz bildirgan mijozlar esa “sertifikat chiqmadi”, “Xitoydagi hamkor bilan kelishmay qoldik” kabi turli bahonalar bilan aldab kelingan.

Jumladan, Sayfitdin Odilov 2025 yil 14 aprelda BYD SONG PLUS mashinasini xarid qilish maqsadida “Dna motors” MChJ bilan shartnoma tuzgan. U 347 mln 150 ming so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Avtomobilni 15-20 ish kunida keltirib berish va’da qilingan. Ammo oradan shuncha oy o‘tganiga qaramay avtosalon shartnoma shartlarini bajarmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Dna motors” MChJ mansabdorlari 35 nafar fuqaroni shu kabi va’dalar bilan aldab, ularning 10 mlrd so‘mdan ortiq pulini o‘zlashtirgan hamda o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabarnomasiga ko‘ra, “Dna motors” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davomida MChJ rahbari Nargis Saidnazirxanova hamda MChJ rahbari o‘rinbosari Fazlitdin Ziyayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi, MChJ rahbari o‘rinbosari Jamoliddin Mirsalixovga esa sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov tamomlanib, ish sudga yuborilgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров

Mavzuga oid