Jahon | 09:03 / 12.02.2026
2582
3 daqiqa o‘qiladi

XOQ Berlin olimpiadasi ramzlari tushirilgan futbolkani sotuvdan olib tashladi

1936 yilgi Olimpiadaning (natsistlar davridagi) ramzlari tushirilgan futbolka Germaniya OAVda musobaqaning siyosiy konteksti haqida ma’lumot berilmagani uchun tanqidga uchradi.

Foto: shop.olympics.com

Onlayn-Olimpiya o‘yinlari do‘koni 11 fevral, chorshanba kuni Germaniya OAVdagi tanqidlardan so‘ng, natsistlar Germaniyasida o‘tkazilgan 1936 yilgi Olimpiada ramzlari tushirilgan futbolkani sotuvdan olib tashladi. Italiyada bo‘lib o‘tadigan qishki o‘yinlar arafasida musobaqaning rasmiy onlayn-do‘koni (u Xalqaro olimpiya qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra xususiy britan kompaniyasi tomonidan boshqariladi) ilgarigi Olimpiadalar ramzlariga bag‘ishlangan futbolkalar kolleksiyasini chiqargan edi.

Xususan, bu kolleksiyada Afina, Rim, Los-Anjyeles, Seul, Sidney va boshqa shaharlarda o‘tgan Olimpiadalar motivlari taqdim etilgan. Kolleksiya tavsifida shunday deyilgan: “Har bir o‘yin insonparvarlikni ulug‘lash uchun dunyo bir joyga to‘plangan tarixdagi betakror vaqt va betakror joyni aks ettiradi”.

Germaniyaning Bild gazetasi kolleksiyada 1936 yilgi Olimpiadaning rasmiy plakati tushirilgan futbolka ham sotilayotganiga e’tibor qaratdi. Bu plakat rassom Frans Vyurbel tomonidan yaratilgan: unda lavr gulchambari taqqan qadimiy haykal, Berlindagi Brandenburg darvozasining kvadrigasi va Olimpiya halqalari tasvirlangan. O‘yinlar vaqtida hukumat “tinchliksevar” Germaniya obrazini targ‘ib qilgan, holbuki o‘sha paytning o‘zida mamlakatda yahudiylar va rejimning siyosiy raqiblari ta’qib qilinib kelayotgan edi. 1936 yilgi Olimpiadadan uch yil o‘tib Germaniya Ikkinchi jahon urushini boshladi.

Bild bilan suhbatda Berlin federal yeri parlamenti (deputatlar palatasi) deputati, “Ittifoq-90/Yashillar” partiyasi vakili Klara Shedlix 1936 yilgi Olimpiada natsist rejimining propagandasida markaziy vosita bo‘lganini eslatdi: u “rejimga xalqaro tan olinishni ta’minladi va diktaturani normallashtirdi, uning jinoiy mohiyatini yashirdi”. Shedlixning aytishicha, 1936 yilgi o‘yinlarni natsistlar propagandasi bilan bog‘liqligidan ayro holda ko‘rib chiqib bo‘lmaydi.

11 fevral kechqurun e’lon qilingan bayonotda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi “Berlindagi 1936 yilgi Olimpiya o‘yinlari va natsistlar propagandasi o‘rtasidagi bog‘liqlik”ni, albatta, tan olishini bildirdi. Biroq shu bilan birga, “o‘sha o‘yinlarning sport o‘lchami”ni ham inobatga olishga chaqirdi: unda 49 mamlakatdan kelgan 4483 nafar sportchi 149 ta musobaqada medallar uchun kurashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid