Jahon | 15:52
2107
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Yangi muzokaralar 17–18 fevral kunlari AQShda rejalashtirilmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bloomberg agentligiga bergan izohida 11 fevral, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, Rossiyaning urushini to‘xtatish bo‘yicha Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar raundi 17 va 18 fevral kunlari AQSh hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Foto: Emmanuele Contini/NurPhoto

Uning aytishicha, u Vashington vakillarining shu taklifini allaqachon qabul qilgan. Ammo Bloomberg qayd etishicha, Rossiya bu AQShdagi uchrashuvga rozi bo‘ladimi-yo‘qmi — hozircha aniq emas.

Agentlik taxminiga ko‘ra, yangi muzokaralar raundi doirasida tomonlar “murakkab hududiy masala”ga e’tibor qaratadi va AQShning Donbassda bufer tarzidagi “erkin iqtisodiy zona” yaratish taklifini muhokama qiladi. Ukraina prezidentining aytishicha, har ikki tomon ham bu g‘oyani shubha bilan qabul qilmoqda. “Bu borada qarashlarimiz turlicha. Va quyidagiga kelishdik: keling, bu qanday ko‘rinish olishi mumkinligi haqidagi tasavvur bilan keyingi uchrashuvga qaytamiz”, — dedi Zelenskiy Bloomberg’ga.

7 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda Ukraina prezidenti Vashington Kiyev va Moskva delegatsiyalariga 9 fevral boshlanadigan haftada Mayamida yangi muzokaralar raundini o‘tkazishni taklif qilganini, u esa o‘sha taklifni ham qabul qilganini aytgan edi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urushni yoz boshlanishidan oldin yakunlashni taklif qilmoqda, chunki iyundan boshlab boshqa ustuvor vazifa — Kongressga saylovlar bo‘ladi.

Rossiya, Ukraina va AQSh Abu-Dabida ikki raund yopiq muzokaralar o‘tkazgan. Birinchi raund 23–24 yanvar kunlari, ikkinchisi esa 4–5 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan. 5 fevral kuni Kiyev va Moskva navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishib olgan. Biroq Ukrainadagi urushni yakunlash yo‘lida yana bir bor sezilarli “burilish”ga erishilmagan.

Shunga qaramay, bu uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, barcha tomonlar — ya’ni Rossiya, Ukraina va AQSh — muayyan olg‘a siljish borligini bildirgan. Xususan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio hal etilmagan masalalar ro‘yxati “sezilarli darajada qisqargani”ni, ammo “eng murakkablari qolgani”ni aytgan. Eng qiyin masalalardan bo‘lib Rossiya armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingan Ukraina hududlari bo‘yicha savollar, shuningdek Zaporijjya AESning maqomi masalasi qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid