O‘zbekiston | 17:45
1037
4 daqiqa o‘qiladi

“AQShga murojaatingizdan xursandmiz” - Sherdor restavratsiyasiga 500 ming dollar ajratildi

Samarqandda Sherdor madrasasining restavratsiya birinchi bosqichi yakuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Butun jarayon 2028 yilda yakunlanadi. Buning uchun AQSh 500 ming dollar ajratdi. Amerikaga murojaatingizdan xursandmiz, deydi davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rojyers rasmiy tadbirda chiqish qilarkan.

Bu jamg‘armaning O‘zbekiston uchun taqdim etgan eng katta granti bo‘lmoqda. Birinchi bosqichda Sherdor madrasasining fasadi mana bu qismi, ya’ni Kufiy xattot bitigi restavratsiya qilib bo‘lindi. Jami ishlar esa ko‘proq madrasa peshtoqi bilan bog‘liq.

- Bunday loyihalar o‘zi qanchalik muhim?

“Restavratsiyadan hayratdaman va buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, albatta, bunga arziydi. Mozaikalarni yig‘ishda qo‘llangan an’anaviy qorishma usuli shunchalik puxtaki, deyarli choksiz ko‘rinadi. O‘zbekiston o‘z milliy o‘zligi va tarixi uchun shunday muhim bo‘lgan ishlarda Amerikani tanlagani - ajoyib. Bu mening portfoliomdagi eng sevimli ishlarimdan biri, chunki men ko‘plab madaniy tashabbuslarni nazorat qilaman, biroq Samarqand kabi vaqt sinovidan ulug‘vorlik bilan o‘tadigan madaniy obidalar juda kam”, - deydi Sara Rojyers.

Registonda restavratsiya ishlarining birinchi qismi yakunlagani munosabati bilan rasmiy tadbir ham o‘tkazildi. AQSh O‘zbekistonni, xususan uning mustaqil va hududi yaxlit ekanini qo‘llab kelgan, dedi elchi Jonatan Xenik.

“Sherdorni butun dunyo uchun asrab avaylashda O‘zbekistonning yonida bo‘lish - Amerikaga yoqadi”, deydi elchi.

Sovet davrida peshtoqdagi Kufiy yozuvi o‘qib bo‘lmaydigan ahvolga kelgandi, dedi AQSh davlat kotibining jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojyers.

“O‘zbekona g‘urur timsoli bo‘lgan joyni restavratsiya qilish bo‘yicha AQShga murojaat qilganingizdan xursandmiz. Umumiy sivilizatsiya haqida ko‘p gapiramiz, chuqur ildiz otgan qadriyatlarimiz kelajakka ham yo‘naltirilgan. Bu madrasada tahsil olgan va ulug‘vor san’atdan ilhomlangan talabalar zamonaviy dunyoni yaratadi, bu g‘oyani esa Amerika ham himoya qilmoqda. Restavratsiya bo‘yicha birga ishladik, amerikaliklar ilg‘or tajriba va standartlarini olib keldi, o‘zbek hurarmandlari ham bilimini taqdim etdi”, - deya ta’kidladi davlat kotibi o‘rinbosari.

Delegatsiya restavratorlar bilan muloqot qildi, Sherdor bo‘ylab ekskursiyada bo‘ldi.

O‘zbekistonga safaringiz davomida rasmiylar bilan ko‘rishyapmiz, eng katta xabaringiz nima?

“Aloqalarimizda juda hayajonli davr. O‘zbekistonning C5+1 formatidagi yetakchiligini kuzatishdan quvonamiz. Shu hafta oxirida madaniyat vazirlarining uchrashuviga mezbonlik qilamiz. Bundanam qiziqarliroq suhbat qurishni rejalayapmiz”, - deydi Sara Rojyers.

Eslatib o‘tamiz, jamg‘arma hozirga qadar 1200 dan ortiq madaniy meros obektlari bo‘yicha loyihalarni moliyalagan. Uning faoliyatini esa AQSh Davlat departamenti tartibga soladi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid