O‘zbekiston | 13:34 / 13.02.2026
2798
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda mikroprotsessor, SIM va to‘lov kartalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumanida Vades Group kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi. Korxonada identifikatsiya uchun mikroprotsessor modullari, sim-kartalar hamda transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ohangaron tumanida Vades Group kompaniyasi tomonidan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, korxonada identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari va SIM-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy hamda xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 22 yanvarda qabul qilingan “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, aholi uchun qulay va xavfsiz to‘lov tizimlarini shakllantirishda zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Korxona Germaniyaning Infineon technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida tashkil etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etadi. Ayni paytda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi 15 foizga bajarilib, 7 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

4 gektar maydonda joylashgan majmua to‘liq ishga tushgach, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi va 6 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda mamlakatga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, SIM-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi, bozordagi tannarx esa 3–5 foizga pasayishi kutilmoqda.

Korxona mahsulotlarini Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Tashrif davomida davlat rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishib, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish hamda eksportni kengaytirish bo‘yicha topshiriq va tavsiyalar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid