Jahon | 21:07 / 14.02.2026
2705
2 daqiqa o‘qiladi

Fud-bloger zaharli krabni yeb vafot etdi

Bloger ayolning o‘limi politsiya tomonidan o‘rganildi. Ular ayol taom tayyorlagan joydan “iblis” krabning qobiqlarini topishdi.

Foto: Emma Amit / Facebook

Filippinda mamlakatdagi eng zaharli — “iblis” krabni yegan fud-bloger Emma Amit vafot etdi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 51 yoshli Amit do‘stlari bilan krab va mollyuska tergani borgan. So‘ngra ovlagan narsalarini kokos sutida qaynatib pishirgan va pishgan krablarni yeyishini videoblogi uchun tasvirga olgan.

Ko‘p o‘tmay Amitning ahvoli yomonlashgan. Ayol reanimatsiyaga yetkazilgan, ammo uni qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan.  

Bloger ayolning o‘limi politsiya tomonidan o‘rganilgan. Ular ayol taom tayyorlagan joydan “iblis” krabning qobiqlarini topishgan. Uning go‘shti o‘ta zaharliligi bilan ajralib turadi.

“Iblis” krab — Zosimus aeneus marjon qoyalarida yashaydigan krab turi bo‘lib, uning go‘shtida eng kuchli neyrotoksinlar — tetrodotoksin va saksitoksin mavjud. Bu moddalar qaynatilganda ham kuchini yo‘qotmaydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid