Avto | 11:42
1124
2 daqiqa o‘qiladi

Yanvar oyida avtobozor: elektromobillar segmenti yuqori sur’atda o‘sdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yanvar oyi yakunlari bo‘yicha birlamchi avtomobil bozori tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar savdosi 28,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish elektromobillar segmentida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil yanvar oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston birlamchi avtomobil bozorining dinamikasi va hududiy tuzilmasiga oid yangilangan tahlilni taqdim etdi. Tahlilda bozor segmentlaridagi o‘zgarishlar, jumladan elektromobillar bozoridagi tendensiyalar ham qamrab olingan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 28,6 ming donani tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori bozor faolligi Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kamaygan.

Segmentlar bo‘yicha tahlilda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 11 foizdan ortiq o‘sib, 24 ming dondan ziyodni tashkil etgani ta’kidlandi. Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 10 foizga kamaygan.

Elektromobillar segmenti esa bozor o‘sishining asosiy drayveriga aylangani qayd etildi. Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi. Hududiy kesimda sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilgan — bu jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlarida elektromobil savdosi sezilarli o‘sgan. Shuningdek, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3 foizga o‘sib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etgani ma’lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid