Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz baribir Yevropa farzandlari bo‘lib qolamiz» – Rubio Myunxen konferensiyasida
AQSh davlat kotibi g‘arbning ulkan yutuqlari barcha millatlar liberal demokratiyaga aylanishi, milliy suverenitet endi muhim emasligi, endi insoniyat chegaralarsiz dunyoda yashashi haqidagi noto‘g‘ri tushunchaga olib kelgani, bu esa ahmoqona g‘oya bo‘lganini qayd etdi. Uning nutqi olqishlar bilan kutib olindi.
Foto: Alex Kraus / Bloomberg / Getty Images
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Myunxen xavfsizlik konferensiyasida «yaxshi politsiyachi» rolida chiqish qildi. O‘tgan yilgi forumda vitse-prezident Jyey Di Vens «yovuz politsiyachi» rolida bo‘lgan, u Yevropani ommaviy immigratsiyaga yo‘l qo‘yib, o‘z madaniyati va o‘ziga xosligini yo‘qotishda, shuningdek, so‘z erkinligini cheklashda ayblagandi.
Rubio Myunxendagi nutqida Qo‘shma Shtatlar va Yevropa o‘rtasidagi yaqin aloqalarni qayd etdi.
«Yangiliklardagi sarlavhalar transatlantik davr tugaganini e’lon qilayotgan bir paytda, hammaga ma’lum bo‘lsinki, biz buni xohlamaymiz va bunga intilmaymiz, chunki biz amerikaliklarning uyimiz G‘arbiy yarim sharda bo‘lsa ham, biz baribir Yevropa farzandlari bo‘lib qolamiz. Biz, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa birga bo‘lishimiz kerak», – dedi Rubio va zal uni tik turib olqishladi.
U AQSh va Yevropa XX asrdagi ko‘plab mojarolarda birgalikda g‘alaba qozonganini eslatgan. «Ushbu triumfdan keyingi eyforiya barcha millatlar liberal demokratiyaga aylanishi, milliy suverenitet endi muhim emasligi, balki faqat savdoga asoslangan aloqalar muhimligi va chegaralarsiz dunyoda yashashimiz haqidagi xavfli noto‘g‘ri tushunchaga olib keldi. Bu ahmoqona g‘oya edi va u bizga qimmatga tushdi», – dedi u.
Rubioning hisoblashicha, AQSh va Yevropa keng ko‘lamli migratsiyaga yo‘l qo‘yib, ishlab chiqarishni chet elga ko‘chirib, muhim ta’minot ustidan nazoratni «raqiblar va dushmanlarga topshirib qo‘yganida» xatoga yo‘l qo‘ygan. U iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bilan bog‘liq energetika siyosatini yana bir xato deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu xatolarni tuzatish niyatida va buni Yevropa bilan birgalikda amalga oshirishni xohlaydi. «Qo‘shma Shtatlar munosabatlarni uzishga intilmayapti. Qo‘shma Shtatlar eski do‘stlikni qayta tiklashni istaydi», – deya ta’kidladi davlat kotibi.
«Biz ittifoqchilarimiz zaif bo‘lishini xohlamaymiz, chunki bu bizni ham zaiflashtiradi. Bizga o‘zini himoya qila oladigan ittifoqchilar kerak, toki hech kim bizning kollektiv kuchimizni sinab ko‘rish vasvasasiga berilmasin. Biz Yevropa kuchli bo‘lishini istaymiz. Biz Yevropa omon qolishi kerakligiga ishonamiz».
Rubio amerikaliklar «o‘z maslahatlarida biroz qo‘pol va tajovuzkor» ko‘rinishini tan olgan: «Buning sababi, do‘stlarim, biz bunga befarq emasmiz».
AFP xabariga ko‘ra, u Yevropani Donald Trampning «dunyoni yangilash»ga intilishiga qo‘shilishga ham chaqirgan. «Bu [bizning] dunyodagi o‘rnimizni tiklash va shu tariqa sivilizatsiyani yo‘q qilishga intilayotgan hamda Amerikaga ham, Yevropaga ham tahdid solayotgan kuchlarga zarba berish imkonini beradi», – degan AQSh davlat kotibi.
CNN va The Guardian Rubioning Myunxen konferensiyasidagi nutqi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning o‘tgan yilgi chiqishiga qaraganda ancha iliq kutib olishganini qayd etgan. Xususan, davlat kotibiga bir necha bor qarsak chalishgan.
«Davlat kotibi, siz eshitdingizmi, yo‘qmi, bilmayman, ammo siz hamkorlikka sodiqlik haqida gapirganingizda zaldagilar yengil tin olishdi. Rahmat», – dedi Myunxen konferensiyasi raisi Volfgang Ishinger Rubio nutqini yakunlaganida.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful Rubioning nutqini yaxshi belgi deb atadi va davlat kotibi Yevropa va Amerika birgalikda o‘tmishda nimalarga erisha olgani va kelajakda nimalarga erisha olishiga urg‘u berganini ta’kidladi.
«Men bizning va ularning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlar 100 foiz mos keladi deb ayta olmayman, ammo bu Yevropa va AQSh kelajagi uchun umumiy asosdir», – degan u DW nashriga.
Shu bilan birga, Rubioning ohangi yevropalik qator siyosatchilarni ishontira olmagan.
«Yevropaliklar ommaviy migratsiya va deindustrializatsiya tufayli sivilizatsiyaning tanazzulga uchrashini asosiy birlashtiruvchi manfaat deb bilishlariga ishonchim komil emas. Yevropaliklarning aksariyati uchun umumiy manfaat – bu xavfsizlik», – deb yozdi X tarmog‘ida Litvaning sobiq tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis.
«Bu nutq ma’muriyatning [Trampning] umumiy pozitsiyasidan chekinish emasdi. Shunchaki u muloyimroq iboralar bilan ifodalangan», – deya xulosa qildi litvalik siyosatchi.
Mavzuga oid
18:20
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etdi
11:00
«Putin shoh emas, urushning quli» – Zelenskiy
00:13
FT: Rubio Myunxen konferensiyasidagi nutqida Rossiya va Ukrainani bir marta ham tilga olmadi
09:22 / 14.02.2026