Jahon | 21:32
1193
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun AQSh davlat kotibining ismini «o‘zgartirdi»

Xitoy rasmiylari AQSh davlat kotibi Marko Rubioning mamlakatga uchib kelishi uchun uning familiyasi yozilishini o‘zgartirdi, deb xabar berdi AFP. Rubio Xitoy sanksiyalari ostida, shuning uchun unga mamlakatga kirish taqiqlangan.

Foto: AP / Mandel Ngan

Xitoy Marko Rubio Florida shtatidan AQSh senatori bo‘lganida unga qarshi ikki marta sanksiyalar kiritgan. Birinchi marta 2020 yil iyul oyida. Xitoy hukumati Rubioni mamlakat ichki ishlariga aralashganlikda aybladi. Bunga Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Shinjon avtonom rayoni aholisining huquqlari poymol etilayotgani haqidagi bayonotlar sabab bo‘lgan. O‘sha yilning avgust oyida qo‘shimcha sanksiyalar joriy etildi.

Marko Rubioning Xitoyga uchib kelishi uchun Xitoy hukumati uning familiyasidagi bir iyeroglifni o‘zgartirdi. 12 may kuni Xitoy tomoni davlat kotibining tashrifiga ruxsat berishini tasdiqladi.

«Sanksiyalar janob Rubioning AQSh senatori lavozimida ishlagan davridagi so‘zlari va harakatlariga qarshi qaratilgan», dedi Xitoyning AQShdagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy.

Marko Rubio AQSh prezidenti Donald Trampning 2017 yildan beri Xitoyga ilk tashrifi chog‘ida unga hamrohlik qilgan amerikalik rasmiylar qatorida Xitoyga bordi. Oq uy rahbari bilan birga Pentagon rahbari Pit Hegset, AQSh savdo vakili Jyeymison Grir va boshqalar ham bor. Amerika prezidentining tashrifi 13-15 may kunlari davom etadi. Uning Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid