Jahon | 14:37 / 17.02.2026
2326
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml: Jyenevadagi Rossiya delegatsiyasi tarkibi kengaytiriladi

Jyenevada Ukraina bo‘yicha o‘tkaziladigan maslahatlashuvlarda Rossiya delegatsiyasi tarkibi kengaytiriladi. Bu haqda dushanba kuni, 16 fevralda davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. 

Foto: AP

Uning aytishicha, bu safar muhokama qilinadigan mavzular doirasi Abu-Dabida o‘tgan avvalgi raundlarga qaraganda kengroq bo‘ladi.

Peskov aniqlashtirishicha, delegatsiyaga Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qiladi. Tarkibga, shuningdek, RF TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin hamda RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov ham kiritilgan.

Peskov so‘zlariga ko‘ra, Abu-Dabida Medinskiy qatnashmagan, “chunki u yerda xavfsizlik masalalari, harbiylarga bevosita taalluqli bo‘lgan masalalar muhokama qilingan, shuning uchun u yerda guruhimizga Kostyukov rahbarlik qilgan va guruh harbiylardan iborat bo‘lgan”.

“Bu safar esa ancha keng masalalar doirasini, jumladan hududlar va qolgan barcha asosiy masalalarni — biz qo‘yayotgan talablar bilan bog‘liq jihatlarni muhokama qilish nazarda tutilyapti. Bu yerda endi bosh muzokarachining, ya’ni Medinskiyning ishtiroki zarur”, — deya Peskovning so‘zlarini “Interfaks” agentligi keltirgan.

Bu hafta Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida navbatdagi muzokaralar raundi rejalashtirilgan. Dialog 17–18 fevral kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ukraina prezidenti ma’muriyati vakili bu ma’lumotni tasdiqlagan. AQSh vositachiligida Abu-Dabida o‘tgan oldingi ikki raund muzokaralar esa sezilarli yutuq keltirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid