O‘zbekiston | 10:04 / 17.02.2026
1769
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 2026 yilda 16 ta mahallada shahar muhiti yaratiladi

Prezident qaroriga muvofiq, 2026 yilda Navoiy viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti va qulay yashash sharoitlari yaratiladi.

Foto: hazratnavoiy.uz

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yilda Navoiy viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda loyihaviy yondashuv asosida ixtisoslashuvni chuqurlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Hujjatga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti hamda qulay yashash sharoitlari yaratiladi.

Shuningdek, og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari, shuningdek kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy hamda ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish maqsadida ushbu mahallalarga 60 ta tik quduq qazish, transformator o‘rnatish, elektr tarmoqlari tortish hamda sug‘orish tarmoqlarini betonlash ishlari rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2026–2027 yillarda Navoiy viloyatida tuyachilik va yilqichilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinishi nazarda tutilgan.

Qarorda grant mablag‘larini jalb etgan holda aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud mayda shoxli mollarni 2026–2027 yillar davomida to‘liq identifikatsiya qilish vazifasi ham belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid