Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy UXXda “tozalash” ishlarini o‘tkazishni topshirdi
Volodimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX)da qattiq “tozalash” ishlari boshlanishini ma’lum qildi. Bundan oldin idorada kadrlar almashinuvi bo‘lib o‘tgan, shuningdek Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura UXXning yuqori lavozimli xodimiga nisbatan tergov olib borilayotganini xabar qilgan.
Foto: Sergei Chuzavkov/AFP/Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmatida “tozalash” ishlari o‘tkazilishini e’lon qildi. Uning aytishicha, dushanba kuni, 16 fevralda u UXX rahbari vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmara va uning o‘rinbosari Aleksandr Pokladning Rossiya operatsiyalariga qarshi kurash bo‘yicha hisobotlarini eshitgan.
“Aleksandr Poklad Ukrainaga emas, boshqa manfaatlarga xizmat qilayotgan shaxslardan Ukraina Xavfsizlik xizmatini tozalash bilan ham shug‘ullanadi. Qattiq choralar va haqiqatan ham kuchli Ukraina Xavfsizlik xizmati kerak. Men natijalarni kutyapman”, — dedi Zelenskiy o‘zining kechki murojaatida.
16 fevral kuni Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura UXXning yuqori lavozimli xodimiga nisbatan sudgacha bo‘lgan tergov yakunlanganini ma’lum qildi. Rasmiy xabarda uning familiyasi va lavozimi ko‘rsatilmagan, ammo “Ukrainskaya pravda” ma’lumotiga ko‘ra, gap Ilya Vityuk haqida ketmoqda.
Korrupsiyaga qarshi milliy byuro agentlari bilan birgalikda o‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra, gumonlanuvchi 2023 yil dekabrida 21,6 million grivnaga kvartira sotib olgan va uni oila a’zosining nomiga rasmiylashtirgan. Shartnoma bo‘yicha esa uning qiymati 12,8 million grivna deb ko‘rsatilgan. Mablag‘ kelib chiqishini asoslash uchun oila a’zosi uni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yuridik va konsalting xizmatlari ko‘rsatib topganini bildirgan.
Tergovchilar bu xizmatlar uchun haqiqatan ham mablag‘lar tushganini aniqlagan, ammo ular “Ukrzaliznitsya” temiryo‘l kompaniyasi mablag‘larini jinoiy uyushgan guruh tarkibida talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgan shaxsdan kelgan. Kvartira xaridiga sarflangan qolgan 8,8 million grivna mablag‘ining qonuniy kelib chiqishi tasdiqlanmagan, deya ta’kidladi idora.
Yanvar oyida Ukraina prezidenti UXX rahbariyatini almashtirgan. Mamlakat xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Yevgeniy Xmara tayinlangan. Ungacha bu lavozimni 2022 yil iyulidan beri Vasiliy Malyuk egallab kelayotgan edi.
Iste’fosini e’lon qilar ekan, Malyuk UXX tizimida qolishini va “jahon darajasidagi asimmetrik maxsus operatsiyalarni” amalga oshirish bilan shug‘ullanishini bildirgan.
Mavzuga oid
11:15
Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda
09:25
Ukraina harbiylari bundesver askarlarini drondan foydalanishga o‘qitadi
08:30
Rossiyaning Odessaga tungi zarbalari: ko‘p qavatli uyga zarar yetdi
16:31 / 16.02.2026