Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda yana hukumatga qarshi chiqishlar bo‘lib o‘tdi
Eronda ommaviy namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlarni xotirlash tadbirlarida yana hukumatga qarshi shiorlar yangradi. Tehrondagi rasmiy marosimda esa aksiyalar “tashabbuskorlari”ga hamdardlik bildirganlarga “oqibatlar” bilan tahdid qilindi.
Foto: Aghasht/Middle East Images/IMAGO
Eronda seshanba, 17 fevral kuni, qattiq bostirilgan hukumatga qarshi namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar xotirasi yodga olindi. Bir necha shaharda xotira tadbirlari o‘tkazildi, Eron xavfsizlik kuchlari bilan yangi to‘qnashuvlar ham kuzatildi, deb xabar beradi AFP agentligi.
Abadonda to‘planganlar qo‘llarida gullar va halok bo‘lganlarning suratlarini ushlab, “Xomanaiyga o‘lim” va “Shoh yashasin!” degan shiorlarni hayqirgani ijtimoiy tarmoqlardagi kadrlardan ko‘rinib turibdi. AFP yozishicha, Abadondan olingan boshqa bir videoda o‘q tovushlari ostida odamlar sarosima bilan har tomonga qochayotgani aks etgan. Mashhadda esa olomon “Bir odam o‘ldirildi — uning ortida minglab odamlar turibdi” degan shiorni aytgan.
Eron hokimiyati Tehrondagi Imom Xumayniy masjidida namoyish qurbonlarini xotirlash uchun rasmiy marosim o‘tkazdi. Unda ishtirokchilar Eron bayroqlarini silkitgan, halok bo‘lganlarning portretlarini ushlab olgan va “Amerikaga o‘lim”, “Isroilga o‘lim” degan shiorlarni aytgan.
Tadbirda yuqori lavozimli mansabdorlar, jumladan, vitse-prezident Muhammad Reza Oref va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Ismoil Qaaniy nutq so‘zlagan. «Tartibsizliklarning tashabbuskorlari va terroristlarni qo‘llab-quvvatlaganlar jinoyatchilardir va oqibatlariga duch keladi», — deb iqtibos keltiradi Qaaniy so‘zlarini Eronning Tasnim agentligi.
Eronda 2025 yil dekabr oyida boshlangan ilk aksiyalar iqtisodiy sabablar bilan qo‘zg‘algan. Biroq tez orada namoyishlar siyosiy tus olgan va butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Hokimiyat ularni qattiqqo‘llik bilan bostirishga uringan. Guvohlar va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Eron xavfsizlik kuchlari mamlakat bo‘ylab namoyishchilarga qarshi o‘q uzganini bildirgan. Hokimiyat topshirig‘i bilan internet va mobil aloqa ham bloklangan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi 23 yanvar kuni namoyishlar davomida halok bo‘lganlar umumiy soni 3117 kishini tashkil etganini aytgan. Ular orasida 2427 nafar tinch fuqaro va xavfsizlik xizmatlari xodimlari bor. Qolgan qurbonlarni vazir “terroristlar” deb atagan.
Mustaqil huquqni himoya qiluvchi tuzilmalar esa boshqacha baholarni keltiradi. AQShda joylashgan Human Righs Activiss News Agency (HRANA) ma’lum qilishicha, 7000 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, ularning aksariyati — namoyishchilar.
Mavzuga oid
12:17
«Eronda kim rahbar bo‘lishini xalq belgilasin» – Rizo Pahlaviy
23:02 / 17.02.2026
AQSh bir sutka ichida Yaqin Sharqqa 50 dan ortiq qiruvchi samolyot jo‘natdi
18:18 / 17.02.2026
Urush xavfi kuchayayotgan bir paytda AQSh va Eron yadroviy muzokaralari boshlandi
11:25 / 16.02.2026