O‘zbekiston | 08:36 / 18.02.2026
1316
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tan olinadigan akkreditatsiya tashkilotlari reyestri yuritiladi

Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ular faoliyatini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Adliya vazirligi mazkur nizomni 13.02.2026 yilda 3774-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligida tashkil etiladigan Akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish komissiyasining qarori asosida bepul amalga oshiriladi.

Nizomda reyestrga kiritishning asosiy shartlari ham belgilangan. Xususan, akkreditatsiya tashkiloti top-300 talik ro‘yxatga kirgan kamida 5 ta oliy ta’lim tashkilotining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazgan bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, xalqaro va xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari uchun ekspertlarning kamida 30 foizi xorijiy ekspertlardan iborat bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, tashkilot akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritish uchun vakolatga ega bo‘lishi, o‘z veb-saytida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazgan ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirishi va boshqa talablarga rioya qilishi lozim.

Nizomga ko‘ra, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotlarining faoliyatini har 3 yilda bir marotaba monitoringdan o‘tkazishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid