Jahon | 13:20 / 18.02.2026
2600
4 daqiqa o‘qiladi

“Rosatom” Vengriyadagi AES bo‘yicha Siemens Energy bilan shartnomani bekor qildi

“Rosatom” Vengriyaning “Paksh” atom elektr stansiyasi uchun butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha Siemens Energy bilan tuzilgan shartnomani bekor qildi. 

Foto: Attila Kisbenedek/AFP via Getty Images

Rossiya davlat konserni “Rosatom” Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi bilan Vengriyadagi “Paksh” atom elektr stansiyasining ikkinchi navbatini (Paksh-2) qurish uchun zarur komponentlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qilganini ma’lum qildi. Bu haqda seshanba, 17 fevral kuni Reuters agentligi va Politico nashri xabar berdi. “Rosatom” Siemens uskunalari o‘rnini bosadigan variantlar allaqachon ko‘rib chiqilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Rossiya davlat konserni versiyasiga ko‘ra, Vengriya AESdagi ikki yangi energoblok uchun boshqaruv elektronikasini yetkazib berish haqidagi Siemens Energy bilan shartnoma 2025 yil oxirida bekor qilingan, chunki nemis kompaniyasi go‘yo shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmagan. Siemens Energy esa, aksincha, shartnoma bekor qilingan paytda yetkazib berish imkoni bo‘lgani, ammo buyurtmachi o‘zi rad etganini aytdi. Nemis kompaniyasi “milliy va xalqaro huquqiy me’yorlarga muvofiq ravishda shartnomaviy majburiyatlarini bajarayotgani”ni ta’kidladi.

Siemens Energy Fransiyaning yadro sohasidagi Framatome kompaniyasi bilan birga “Rosatom” bilan “Paksh-2” loyihasi uchun boshqaruv elektronikasini yetkazib berish bo‘yicha 2019 va 2020 yillarda shartnomalar imzolagan. Rossiya va Vengriya 2014 yilda “Paksh” AESda 5- va 6-energobloklarni (ya’ni “Paksh-2”) qurish haqida hujjatlarni imzolagan. Ularni ekspluatatsiyaga topshirish 2030-yillar boshiga rejalashtirilgan.

2025 yil noyabrda Vashington “Rosatom” tomonidan “Paksh” AESda yangi energobloklar qurilishini sanksiyalardan chiqargani ma’lum bo‘lgan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio buni stansiyani “albatta tugatish kerak”ligi va shunda Vengriya energetik jihatdan mustaqil bo‘lishi bilan izohlagan.

Rossiya ishtirokida “Paksh” AESni kengaytirishga qarshi sanksiyalar 2024 yil noyabrda AQShning oldingi ma’muriyati tomonidan joriy etilgan edi. 29 iyun kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto respublikachi Donald Tramp ma’muriyati bu cheklovlarni bekor qilganini aytgan.

11 sentabr kuni Lyuksemburgdagi Yevropa Ittifoqi sudi Yevrokomissiyaning Vengriya tomonidan Rossiya bilan hamkorlikda “Paksh” AESda yangi energobloklar qurilishiga moliyaviy hissa qo‘shishini ma’qullash to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. Sud Yevrokomissiyada Budapeshtning “Rosatom” konserniga qarashli korxona bilan tender o‘tkazmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishini ma’qullash uchun yetarli asos bo‘lmagan, deb hisobladi.

2025 yil yanvarda “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov nemis ishlab chiqaruvchisini sudga berish niyati borligini aytgan — sabab, “Rosatom” Turkiyada qurayotgan AES uchun buyurtma qilingan uskuna yetkazib berilmagani.

Siemens Energy DW so‘roviga javoban, 2020 yilda tuzilgan shartnoma bo‘yicha AES uchun elektr-gaz taqsimlash uskunasi yetkazib berish majburiyatini olganini tasdiqlagan. Biroq nemis kompaniyasi uzoq vaqt Germaniyaning Iqtisodiyot va eksportni nazorat qilish federal idorasi (BAFA)dan zarur eksport ruxsatini kutib turgan. 2025 yil yanvarga kelib bu ruxsat olingan va Siemens Energy shartnoma majburiyatlarini bajarishga tayyor bo‘lgan. Ammo shu vaqtga kelib Rossiya tomoni nemis uskunasiga muqobil variant topgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid