Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaning sobiq energetika vaziri ikki oyga hibsga olindi
Sud pul yuvishda ayblanayotgan German Galushchenkoga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘lladi. Sobiq energetika vaziri qariyb 4 mln yevro miqdoridagi garov evaziga ozod etilishi mumkin.
Foto: Igor Burdyga/DW
Ukrainaning Oliy antikorrupsiya sudi seshanba, 17 fevral kuni pul yuvishda ayblanayotgan mamlakatning sobiq energetika vaziri German Galushchenkoga nisbatan 60 kun — 15 aprelgacha qamoq ehtiyot chorasini qo‘lladi. Shu bilan birga, agar Galushchenko 200 mln grivna (hisob-kitob bo‘yicha — 3,9 mln yevro) miqdorida garov puli to‘lasa, hibsdan ozod qilinishi mumkin. Ayblov tomoni garov miqdorini 425 mln grivna (taxminan 8 mln yevro) etib belgilashni talab qilgan. Galushchenko esa sud majlisida 30 mln grivnadan ortiq pul to‘lay olmasligini aytgan.
Sobiq vazir vaqtincha ozod etilgan taqdirda unga Kiyev shahri va Kiyev viloyati hududidan tashqariga chiqib ketish taqiqlanadi, shuningdek, ish bo‘yicha boshqa figurantlar, jumladan Timur Mindich bilan muloqot qilish ham man etiladi. “Interfaks-Ukraina” agentligi yozishicha, German Galushchenko sudning bu qaroridan norozi ekanini bildirgan va apellyatsiya berish uchun advokatlarga pul yig‘ishini aytgan.
German Galushchenko 2026 yil 15 fevral kuni Ukraina hududini tark etishga uringan paytda qo‘lga olingan. Ukraina Ixtisoslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi va Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi ma’lum qilishicha, u Ukrainadagi “Energoatom”da mablag‘larning katta miqyosda o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq “Midas” ishida figurant hisoblanadi.
16 fevral kuni Galushchenkoga pul yuvish hamda u hukumatda ishlagan davrda energetika sohasidagi qonunbuzarliklar hisobiga 112 mln dollardan (94 mln yevro) ortiq mablag‘ olgan jinoiy tashkilotda ishtirok etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
German Galushchenko Ukraina energetika vaziri lavozimini 2021 yil aprelidan 2025 yil iyuligacha egallagan, keyin esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uni mamlakat adliya vaziri etib tayinlagan. Milliy antikorrupsiya byurosi 2025 yil 10 noyabrda Galushchenkoda, shuningdek “Energoatom”da va Zelenskiyning uzoq yillik hamkori, tadbirkor hamda “Kvartal 95” studiyasining hammuassisi Timur Mindichda tintuvlar o‘tkazgan. Mojaro fonida 12 noyabr kuni Galushchenko adliya vaziri vazifalarini bajarishdan chetlatilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, “Energoatom”dagi jinoiy sxema tashkilotchilari korxona shartnomalari qiymatining 10–15 foizi miqdorida “otkat” talab qilgan. Xususan, “Energoatom” kontragentlari yetkazib berilgan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar bloklanib qolishining oldini olish va yetkazib beruvchi maqomini saqlab qolish uchun “otkat” to‘lashga majbur bo‘lgan. Bu amaliyot “shlagbaum” deb nom olgan.
Milliy antikorrupsiya byurosi xabarida shunday deyilgan: «Aslida shunday tizim yaratilganki, daromadi 200 milliard grivnadan ortiq bo‘lgan strategik korxonani top-menejerlar, kuzatuv kengashi yoki mulkdor sifatida davlat emas, balki vakolatga ega bo‘lmagan, o‘z zimmasiga soya boshqaruvchi rolini olgan begona shaxs boshqargan».
Mavzuga oid
13:00
Jyenevadagi muzokaralarda Yevropa davlatlari vakillari ham bor
08:58
Olimpiada ochilishida Ukraina jamoasiga rossiyalik ko‘ngilli hamrohlik qildi
08:42
AQSh Kiyevga Yevropada Patriot uchun raketalar ishlab chiqarishga ruxsat bermadi
22:48 / 17.02.2026