Jahon | 13:49
962
3 daqiqa o‘qiladi

Gubernator: Bryansk viloyati uzra 81 ta dron yo‘q qilindi

Bryansk viloyati gubernatorining aytishicha, dronlar hujumi oqibatida ikki nafar mahalliy aholi yaralangan. Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov esa dron hujumi sabab Velikiye Luki neft bazasida neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuarlardan biri yonayotganini bildirdi.

Foto: Maksim Gulyachik / Shutterstock

Bryansk viloyatida dronlar qo‘llangan navbatdagi ommaviy hujum qayd etildi. Bu haqda payshanba, 19 fevralga o‘tar kechasi viloyat gubernatori Aleksandr Bogomaz Telegram’da xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, RF Mudofaa vazirligiga qarashli havo hujumidan mudofaa (HHM) bo‘linmalari, Bryansk viloyati bo‘yicha Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmalari va «BARS — Bryansk» brigadasining mobil-o‘qchi guruhlari samolyot turidagi 81 ta dronni yo‘q qilgan.

Ommaviy hujum oqibatida viloyatning Vigonichskiy tumanidagi Lopush qishlog‘ida ikki nafar tinch aholi vakili yaralangan. Erkaklar shifoxonaga yetkazilgan, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bogomaz qo‘shimcha qilishicha, beshta xususiy uy va ikki mashinaga shikast yetgan.

Shu orada dronlar Pskov viloyatiga hamda Velikiye Luki shahridagi fuqarolik infratuzilmasi obektlariga hujum qildi. Bu haqda Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov MAX tarmog‘ida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Velikiye Luki neft bazasida dron hujumi sabab neft mahsulotlari saqlangan rezervuarlardan biri yongan. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda.

Mahalliy aholidan oyna-derazalarga yaqinlashmaslik yoki agar hujum paytida ko‘chada bo‘lgan bo‘lsa, yaqin binodan boshpana topish so‘ralgan.

Telegram’dagi ASTRA kanali ma’lumotiga ko‘ra, yaqin atrofdagi korxonalar xodimlari evakuatsiya qilingan. Kanal aniqlashtirishicha, neft bazasida rezervuarlar ustiga himoya to‘ri o‘rnatilgan bo‘lgan. Ammo guvohlar izohlaridan kelib chiqsa, bir necha dron uni teshib o‘tgan, shundan so‘ng katta yong‘in kelib chiqqan, deb yozadi ASTRA.

ASTRA ma’lumotiga ko‘ra, neft bazasida keyinchalik AYoQSh tarmog‘iga, korxonalar va transport kompaniyalariga taqsimlash uchun neft mahsulotlari — dizel yonilg‘isi, benzin va boshqa turdagi xomashyo saqlangan.

Rosaviatsiya vakili bildirishicha, Pskov aeroporti samolyotlarni qabul qilmagan va jo‘natmagan.

Avvalroq, 10 yanvarga o‘tar kechasi Volgograd viloyatidagi neft bazasida dron parchalari tushishi natijasida yong‘in chiqqan edi. Dronlar hujumlari fonida Volgograd, Gelenjik, Krasnodar va Cheboksari aeroportlarida reyslarni qabul qilish va chiqarishga cheklovlar joriy etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid