Iqtisodiyot | 20:31 / 19.02.2026
1374
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiyaga uzum yetkazib berish bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirdi

O‘zbekiston ushbu mahsulotning Rossiyaga asosiy ta’minotchisiga aylandi: Xitoyga qaraganda 4 barobar ko‘p uzum yetkazilmoqda.

Foto: Kun.uz

2025 yilda O‘zbekiston Rossiyaga 198 ming tonna uzum va mayiz jo‘natdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 11,4 foizga ko‘pdir. Bu haqda «Rosselxoznadzor» ma’lumotlariga tayanib TASS xabar berdi.

Shunday qilib, O‘zbekiston ushbu mahsulotlarning Rossiyaga asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib chiqdi. Xitoydan uzum va mayiz importi 3 barobarga oshib, 51,5 ming tonnaga yetgan.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, «Rosselxoznadzor» Rossiyaga 6,1 million tonna meva va yong‘oq olib kirilganini aniqladi.

Xususan, 1,8 mln tonnaga yaqinini sitrus mevalar (apelsin, mandarin, klementin, limon, laym, greypfrut va boshqalar) tashkil etadi. Ularning asosiy eksportchisi Turkiya bo‘lib, u yerdan Rossiyaga 599 ming tonnadan ortiq import qilingan.

Shu bilan birga, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya bozoriga banan yetkazib berish hajmi 1,4 million tonnadan oshdi, bu 2024 yildagi ko‘rsatkichga to‘g‘ri keladi.

Qovun, tarvuz va papayya importi 2025 yilda 20,7 foizga oshib, 335,2 ming tonnadan oshdi. Jumladan, O‘zbekistondan import ikki barobarga oshib, 111 ming tonnaga, Turkiyadan 26,1 foizga oshib, 16,1 ming tonnaga, Ozarboyjondan 2,6 barobarga oshib, 14,4 ming tonnaga yetdi.

Shuningdek, Rossiyaga 528,6 ming tonnadan ortiq rezavor va boshqa mevalar olib kirilgan. Ozarboyjondan import 14,3 foizga - 213,4 ming tonnagacha va Xitoydan 45,7 foizga - 37,5 ming tonnagacha oshgan.

Yong‘oq yetkazib berish 90,4 ming tonnani tashkil etdi. Jumladan, Vetnamdan import 28,1 foizga oshib, 15,2 ming tonnani, Erondan 13,2 foizga oshib, 9,8 ming tonnani, Filippindan 22,5 foizga oshib, 9,4 ming tonnani, Xitoydan 22,6 foizga oshib, 7,1 ming tonnani, Qozog‘istondan 19,3 foizga oshib, 6,1 ming tonnani tashkil etdi.

Shuningdek, 2025 yilda Rossiyaga 48,6 ming tonnadan ortiq quritilgan mevalar import qilingan, shu jumladan Tojikistondan import 19,8 foizga oshib, 12,3 ming tonnaga, O‘zbekistondan 28 foizga oshib, 10,5 ming tonnaga yetgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid