Jahon | 16:07 / 20.02.2026
3751
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada The Insider fosh etgan GRU agenti hibsga olindi

Belgiyada hibsga olingan, ehtimol GRU (RF QK Bosh shtabi Bosh boshqarmasi, avval “GRU” deb yuritilgan) xodimi Viktor Labin Rossiya mudofaa sanoati uchun uskunalar yetkazib bergan. Uning ustidan sud jarayoni fevral oyi oxirida boshlanadi.

Foto: Picture alliance

Belgiya sudi Rossiya QK Bosh shtabi Bosh boshqarmasining (avval “GRU” deb atalgan) ehtimoliy xodimi Viktor Labinni hibsda saqlash (qamoqda qoldirish) haqida qaror chiqardi. U Rossiya mudofaa sanoati uchun o‘lchash mashinalarini eksport qilgani aytiladi. Bu haqda 19 fevral, payshanba kuni, The Insider nashri qirollikning federal prokuraturasi javobiga tayanib xabar berdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Belgiya politsiyasi Labinning uyida 2025 yil iyun oyida tintuv o‘tkazgan. O‘shandan beri u sudni kutib hibsda saqlanmoqda. Uning ishi bo‘yicha birinchi majlis 26 fevral kuniga belgilangan.

Katta Labin The Insider’ning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab g‘arb joriy etgan sanksiyalarni aylanib o‘tish sxemalari haqidagi tergovida figurant hisoblanadi. Aniqlanishicha, u Belgiyada o‘g‘illari Roman va Ruslan bilan birga biznes yuritgan va Groupe d'Investissement Financier kompaniyasining ta’sischisi bo‘lgan.

Ushbu kompaniya Rossiya harbiy pudratchilariga yuqori texnologik uskunalar yetkazib berishga ixtisoslashgan. Tovarlarning yakuniy qabul qiluvchisi sifatida Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan “Sonatek” MChJ ko‘rsatilgan, uning egalari ham Labinlar oilasi bo‘lgan.

Moskvadagi firma Rossiya harbiy-sanoat majmuasining 18 ta korxonasiga mahsulot yetkazib berish va uni texnik xizmat bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan. Viktor Labinning o‘zi Moskvada, Narodnogo Opolcheniya ko‘chasida joylashgan GRU akademiyasi yotoqxonasida rasmiy propiskaga ega bo‘lgan, keyin esa Zelenogradga ko‘chgan — u yerdagi uylardagi ayrim kvartiralar harbiy xizmatchilarga berilgan.

Uning Yevropaga aniq qachon ko‘chib o‘tgani noma’lum, ammo 2000 yildan beri u Bryusselda Uinston Cherchill shohko‘chasida yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid