Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda xavfli retsidivist erkak hindistonlik sayyohning pulini tortib oldi
U O‘zbekistonga uchib kelgan Hindiston fuqarosiga o‘zini kirakash sifatida tanishtirgan va manzilga eltib qo‘yishini aytgan. So‘ngra taksi chaqirgan va haydovchi o‘z ukasi ekanini ma’lum qilib, sayyohni mashinaga mindirgan. Ularning ingliz tilidagi suhbatini esa haydovchi tushunmagan. Manzilga yetib kelganda erkak sayyoh hamyonidagi 250 yevroni talonchilik yo‘li bilan tortib olgan.
Toshkentda hindistonlik sayyohning pulini tortib olgan erkak ozodlikdan mahrum qilindi. U muqaddam ham talonchilik va o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatlarini sodir etgan va xavfli retsidivist deb topilgan.
Kun.uz tanishgan sud hukmiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan M.U. 2025 yil 16 oktyabr kuni soat 2:40 larda o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportiga borgan. U aeroportda sayohat qilish uchun O‘zbekistonga uchib kelgan Hindiston fuqarosi Nagohalli Lingaraju Harshitni uchratgan.
M.U. sayyohga o‘zini kirakash sifatida tanishtirgan va manziliga arzon narxda olib borib qo‘yishini aytib, uni aldagan. So‘ngra taksi chaqirgan. Chaqiruvga binoan yetib kelgan taksist B.J.ning mashinasiga sayyohni mindirgan. Uning jinoiy rejasidan taksistning xabari bo‘lmagan. Chunki M.U. sayyoh bilan ingliz tilida muloqot qilgan va ularning suhbatini taksist tushunmagan.
Aytilgan mehmonxona oldiga yetib borganda taksist yukxonadan sayyohning sumkasini olish maqsadida mashinadan tushgan. Shu payt M.U. mashina eshiklarini ichkaridan qulflab, orqa o‘rindiqda o‘tirgan sayyohning hamyonidagi 250 yevro pulini tortib olgan. So‘ngra voqea joyidan yashirinib, talonchilik bilan qo‘lga kiritgan pullarini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
M.U. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan. U aeroportga tarjimonlik qilib pul topish maqsadida borganini, hindistonlik sayyohning pulini tortib olmaganini aytgan.
Nagohalli Lingaraju Harshit esa M.U. mashina ichida pulini tortib olganini, uning harakatidan qo‘rqib ketib, “Help! Help” deb baqirganini va avtomobil eshigini urganini bildirgan.
“2023 yildan buyon Polshadagi “Internation paper” kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishlayman. Ba’zida boshqa davlatlarga aylanishga borib turaman. 2025 yil oktyabr oyi boshida internetda O‘zbekiston haqida ma’lumot ko‘rdim va ushbu davlatga sayohat qilishni xohladim.
2025 yil 15 oktyabr kuni Polshadan O‘zbekistonga uchib keldim. Aeroportdan chiqib, telefonimdagi Yandeks ilovasidan mehmonxonaga taksi chaqirmoqchi bo‘lganimda, oldimga notanish erkak kelib, ingliz tilida muloqotga kirishdi. U taksi chaqirib o‘tirmasligimni, o‘zi taksichi ekanini, mehmonxonaga olib borib qo‘yishini aytdi. Men rozi bo‘ldim. Shunda u mashinasini minib kelishini aytib ketdi va ko‘p o‘tmay kulrang mashinada keldi.
Mashinada haydovchi bo‘lganini ko‘rib, nima sababdan boshqa shaxs boshqaruvidagi avtomobilda kelganini so‘radim. U haydovchisi ukasi ekanini aytdi. Men orqa o‘rindiqqa o‘tirdim.
Mehmonxona oldiga olib kelib, haydovchi yukxonadagi sumkalarimni olish uchun mashinadan tushdi. Men 30 ming so‘m olib, yo‘lovchi o‘rindiqdagi shaxsga uzatdim. U kam ekanini aytdi. Hamyonimdan 10 ming so‘m qo‘shib, 40 ming so‘m pulni uzatdim. U yana kamligini aytdi. Hamyonimdan yana pul olmoqchi bo‘lganimda erkak yo‘lovchi o‘rindiqni yotqizib, meni qisib qo‘ydi va eshikni qulfladi. So‘ngra hamyonimda bo‘lgan 250 yevroni pulni tortib oldi. Qo‘rqib ketib, “Help! Help” deb baqirdim va mashina eshigini urdim. Shunda haydovchi kelib, eshikni ochdi”, degan sayyoh o‘z ko‘rsatmasida.
So‘ngra sayyoh mehmonxonaga kirib, IIB xodimini chaqirib berishni so‘ragan. Mehmonxona xodimi IIBga xabar bergan.
Sudlanuvchi aybiga iqrorlik bildirmasa-da, uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
JIB Yakkasaroy tuman sudining 2026 yil 18 fevraldagi hukmi bilan M.U. talonchilik jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Mavzuga oid
20:07
Mubashshir Ahmad vaqtincha Toshkentdagi ixtisoslashgan kasalxonaga o‘tkazildi
10:06 / 18.02.2026
Toshkentda qalbaki dori va biologik qo‘shimcha ishlab chiqargan sex aniqlandi
23:07 / 17.02.2026
Toshkentda farzandini 7-qavatdan chiqargan ayolning ruhiy holati tekshiriladi
20:20 / 17.02.2026