Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy dronlarni Rossiyaga Tailand orqali yetkazib berishni boshladi
Bloomberg agentligi ma’lum qilishicha, Xitoy dronlarni Rossiyaga Tailand orqali yetkazib bermoqda. 2025 yilning 11 oyi davomida Rossiya Tailanddan 125 mln dollarlik dron import qilgan - bu Tailand eksport qiladigan dronlarning deyarli barchasiga teng. 2022 yilda esa Tailand Rossiyaga umuman dron yetkazib bermagan.
Bloomberg 19 fevral, payshanba kuni xabar berishicha, Xitoy dronlarni Rossiyaga Tailand orqali yetkazib beryapti. Janubi-Sharqiy Osiyodagi bu mamlakatdan Rossiyaga dron importi 2022 yildan beri keskin oshgan. Faqat 2025 yilning ilk 11 oyida Rossiya Tailanddan 125 mln dollarlik dron import qilgan — bu Tailandning umumiy dron eksporti hajmining 88 foiziga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda Rossiyaning Tailanddan qilgan xaridlaridan 8 baravar ko‘p.
Shu davr ichida (2025 yil 11 oyida) Xitoy Tailandga 186 mln dollarlik dron yetkazib bergan. Bangkok boshqa davlatlardan dronlarni deyarli sotib olmaydi. Holbuki, 2022 yilda Tailand dronlarni 1 mln dollardan kam qiymatda import qilgan va ularning hech biri Rossiyaga yuborilmagan.
Jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berishlar, jumladan, Bangkok markazidagi osmono‘par binoda ofisi joylashgan Skyhub Technologies Ltd. (Skyhub) kompaniyasi orqali amalga oshirilgan. U Tailandda Xitoydan dron import qilish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, Skyhub rasman avtomobil ijarasi xizmati sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, oldin esa geologiya sohasida ishlagan.
Big Trade Data savdo tahlili platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda bu kompaniya Xitoydan 25 mln dollarlik dron import qilgan. Unga dronlarni Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri — Autel Robotics sotgan. Kompaniya xodimlari ularning dronlari fuqarolik maqsadlari uchun mo‘ljallangani va Ukraina hududidagi jang maydonlariga uchishni cheklaydigan “geozoning” tizimi bilan jihozlanganini aytgan.
Bangkokdagi boshqa kompaniya — China Thai Corp. o‘tgan yilning 11 oyida Xitoydan 144 mln dollarlik dron olib kirgan. Oktyabr oyida u Rossiya armiyasiga texnologiya yetkazib bergani uchun Buyuk Britaniya sanksiyalariga tushgan.
Bloomberg ma’lum qilishicha, China Thai Corp’ning Rossiya tomoni bilan hamkorligi kamida 2023 yildan boshlangan: o‘shanda kompaniya Rossiyaga 2 mln dollarlik iPhone partiyasini olib kirgan. Smartfonlarni YeI 2024 yilda sanksiyaga kiritgan Rossiya elektronika ishlab chiqaruvchisi “Atlas” qabul qilib olgan.
Bu hamkorlik fonida China Thai Corp’ning yillik daromadlari 1800 baravargacha o‘sgan: 2020–2022 yillarda 14 ming bat (taxminan 415 yevro) bo‘lgan daromad 2023 yilda 17,8 mln bat (525 ming yevro)ga, 2024 yilda esa 25,3 mln bat (750 ming yevro)ga yetgan.
Bloomberg’ga bergan intervyusida Tailand bojxona departamenti bosh direktori Pxantong Loykulnanta Xitoy dronlarining Tailanddan eksport qilinishi amaldagi qonunlar doirasida amalga oshirilayotganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoydan dron import qilganda uning qanday maqsadda ishlatilishini ko‘rsatish majburiy emas. «Biz harakat qilishga tayyormiz, lekin avval qonun qabul qilinishi kerak», — degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Savdo vazirligiga qarashli tashqi savdo departamenti bu masalani o‘rganmoqda.
AQSh Davlat departamenti Xitoy yetkazib berishlari haqidagi savolga izoh berishdan tiyilgan, ammo Xitoy hissasi Moskva import qilayotgan ikki maqsadli tovarlarning taxminan 80 foizini tashkil etishini aytgan.
Mavzuga oid
09:55 / 24.06.2026
Putin: Yonilg‘i tanqisligi Ukrainadagi urushga ta’sir qilmaydi
08:45 / 24.06.2026
Sanksiyalar yumshatilishi Rossiya neft eksportiga turtki berdi
21:15 / 23.06.2026
Rossiya Ukraina bilan «2022 yildagi Istanbul kelishuvlari asosida» muzokaralar olib borishga tayyor - Putin
16:29 / 23.06.2026