O‘zbekiston | 11:00
4767
3 daqiqa o‘qiladi

3 xil tovlanuvchi archazor, go‘zal sharshara: Lashkarakda bir kun

Qurama tog‘lari etagidagi Lashkarak qishlog‘i Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan. 1980 nafar aholi yashaydigan qishloqda chorvachilik, dehqonchilik va asalarichilik bilan shug‘ullanishadi. Lashkarak 4 faslda ham mehmonlar bilan gavjum. Kun.uz muxbiri go‘zal qishloqda bo‘lib, odamlarning turmush tarzi bilan tanishdi.

Biz borgan paytda tog‘da hali qor erimagan. Har kuni ertalab qishloqning qo‘y-echkilarini bir joyga to‘plab, tog‘ga olib chiqishib, to qosh qorayguncha boqib tushishar ekan.

4 o‘g‘il va 1 qizning otasi bo‘lgan Xudoynazar aka Madg‘oziyev yashaydigan hovlining etagidan soy o‘tgan. U erta bahordan boshlab xonadonida mehmonlarni qabul qilar ekan.

Xudoynazar aka oilasi, qishlog‘i haqida gapirib berdi:

“Biz Lashkarak qishlog‘i aholisi dunyodagi eng baxtli odamlarmiz. Chunki suvimiz va havomiz juda toza, musaffo. Dehqonchilik qilish uchun sharoit yaxshi.  Ichimlik suvimiz soydan olinadi. Mana shu davrgacha soydagi suv to‘liq ichimlik suvi sifatida foydalanilgan. Soy suvini nasoslar bilan tepalikka, xonadonlarga tortganmiz.

Tog‘ tepasidagi archalar ko‘p yillik tarixga ega, ko‘p davrlarni ko‘rgan. Ertalab kun chiqmasidan archaning rangi o‘zgacha jilolanadi. Tushdan so‘ng rang yana o‘zgaradi. Quyosh botishidan avval yana bir boshqa tusga o‘zgarada.

Qishlog‘imiz Angren shahridan qariyb 30 km uzoqlikda joylashgan. Aholi asosan chorvachilik, bog‘dorchilik, qisman asalarichilik hamda ichki turizmga asoslanib tirikchilik qiladi. Joyimiz tog‘li hudud bo‘lgani uchun soyga yaqin joyda joylashganmiz. Mehmon so‘rilari, yengil konstruksiyali uylarni qurib, kelayotgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirib boryapmiz. Ichki turizm yildan yilga rivojlanib boryapti.

Qishloqda yashash zavqli. Eng asosiysi meva-sabzavotlar o‘zimizdan chiqadi. Tirikchilik yo‘li rang-barang bo‘lgani uchun zerikish yo‘q. Faqat mehnat qilsangiz bo‘lgani. Lashkarakda kartoshka yaxshi bo‘ladi. Yerimiz qora tuproq-da. Faqat ozgina mehnat kerak xolos.

Xudoynazar aka Madg‘oziyev

Qishloqda yashagandan keyin mol-hol bo‘lishi kerak. Tomorqani rivojlantirish kerak. Yashash uchun kurashish kerak, albatta”, deydi  Xudoynazar aka.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев

Mavzuga oid