Toshkent viloyati Angren shahrida 8 yoshli bola daydi itlar hujumiga uchragani haqida xabar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi bu xabarlarni viloyat hokimligi o‘rganmoqda.
Kun.uz'ga aloqaga chiqqan angrenliklardan biriga ko‘ra, bola onasi bilan Angren shahrining Istiqlol mahallasida ijarada yashab kelgan. U maktabdan uyiga qaytib kelayotgan paytda, itlar uni talab tashlagani aytilyapti.
Qo‘shnilarning aytishicha, maktabdan qaytishi kechikayotgan o‘g‘lidan xavotir olgan ona bolani izlab chiqqan va uni og‘ir jarohatlar bilan topgan. Ayolning o‘zi ham bu holatdan keyin ahvoli yomonlashib qolgan.
Hokimlik izohi

Toshkent viloyati hokimligining 7 mart kungi axborotiga ko‘ra, hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor chora-tadbirlar va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Ayni paytda shahar va viloyat hududida daydi hayvonlarni nazorat qilish, ularni tutish hamda belgilangan maxsus joylarda saqlash ishlari kuchaytirildi.
Chora-tadbirlar natijasida o‘quvchi bolani talagan it ham Angren shahar obodonlashtirish bo‘limi daydi hayvonlarni tutish guruhi tomonidan tutildi va akt tuzilib, maxsus saqlash joyiga olib borildi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kuni kecha viloyat hokimligi mas’ullari ishtirokidagi shoshilinch muhokamada mutasaddi tashkilotlar – obodonlashtirish xizmati, veterinariya bo‘limi, sanitariya-yepidemiologik osoyishtalik xizmati hamda boshqa mas’ul idoralarga tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
“Aholi xavfsizligini ta’minlash, daydi hayvonlarni tutish va zararsizlantirish, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur masala alohida nazoratga olingan bo‘lib, jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash borasida barcha zarur choralar ko‘riladi”, – deya ma’lum qildi Toshkent viloyati hokimligi.
“Juda ko‘p murojaat qilganmiz”










