Jahon | 10:18 / 25.02.2026
1229
4 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Ukrainaga yordamni davom ettiradi: RFga qarshi yangi cheklovlar

Avstraliya hokimiyati Rossiyaning “soyadagi floti” kemalari bilan birga yana 180 nafar jismoniy va yuridik shaxsni “qora ro‘yxat”ga kiritdi. U Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va unga adolatli hamda barqaror tinchlikka erishishga ko‘maklashish niyatida ekanini bildirdi.

Foto: Lisa Maree Williams/Getty Images

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli urush boshlaganiga to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan Avstraliya hokimiyati Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy qildi. Seshanba kuni, 24 fevralda Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze, mudofaa vaziri Richard Marlz va tashqi ishlar vaziri Penni Vongning qo‘shma bayonotida aytilishicha, bu — 2022 yil fevraldan beri Avstraliya kiritgan eng katta sanksiyalar paketidir.

Yangi jazo choralari RFning moliyaviy, bank va mudofaa sektorlariga, uning aviatsiya, neft-gaz va transport sanoatiga, shuningdek ilmiy-texnika sohasiga qaratilgan. Bayonotda ta’kidlanishicha, bu choralar Rossiya daromadlarini qisqartirish va uning Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish imkoniyatlarini yanada cheklashga qaratilgan. “Qora ro‘yxat”ga yana 180 nafar jismoniy va yuridik shaxs, shuningdek Rossiyaning “soyadagi floti”ga taalluqli kemalar kiritildi, umuman olganda esa urush boshlanganidan beri mamlakat RFga qarshi 1800 dan ortiq sanksiya joriy qilgan.

Bayonot mualliflari tushuntirishicha, bank va moliya sohasi urushni davom ettirish uchun texnologiya va uskunalarni xarid qilishni ta’minlaydi, neft-gaz va transport sektorlari Rossiya hokimiyatiga daromad keltiradi, aviatsiya va mudofaa sektorlari esa RF harbiy salohiyatini rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Avstraliya birinchi marta chet eldagi to‘lovlar (transchegaraviy to‘lovlar) orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishga xizmat qilayotgan kriptovaluta kompaniyalariga nisbatan ham joriy qildi.

Bayonotda shunday deyiladi: “Bugun Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini boshlanganiga to‘rt yil bo‘ldi — bu xalqaro huquqning, jumladan BMT nizomining qo‘pol buzilishi. Suveren demokratik qo‘shniga qarshi to‘rt yillik hech qanday sababsiz Rossiya tajovuzi. Avstraliya Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlikka erishishga qat’iy sodiq. Ukraina xalqining jasorati va matonatini yuksak qadrlaymiz”.

Avstraliya hokimiyati, shuningdek, Ukrainaga jami 1,7 mlrd dollardan ortiq yordam ajratganini, shundan 1,5 mlrd dollari harbiy qo‘llab-quvvatlash ekanini ma’lum qildi. Kanberrada Rossiya qish faslini Ukrainaga qarshi “qurol” sifatida ishlatishda davom etayotgani va muhim energetika infratuzilmasiga berilgan zarbalarni kuchaytirayotgani eslatildi. Avstraliya Ukraina Energetikasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 40 mln dollar yo‘naltirgan, jumladan 10 mln dollar qish davrida muhim infratuzilmaning ishlashini ta’minlash uchun ajratilgan.

Albaneze, Marlz va Vong qo‘shimcha qildi: “Avstraliya yana bir bor Rossiyani urushni darhol to‘xtatishga va xalqaro huquqiy majburiyatlarini, jumladan tinch aholini himoya qilish va harbiy asirlarga munosabat bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga chaqirmoqda. Bugun va har kuni Avstraliya Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlaydigan, Yevropada xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan hamda Rossiyaning tajovuzni qayta boshlamasligini kafolatlaydigan adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun harakat qilishda davom etadi”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid