O‘zbekiston | 16:03
3256
6 daqiqa o‘qiladi

Jarqo‘rg‘onda “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.

Mamlakatda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Davlat rahbarining 2021 yil 12 oktyabrdagi farmoniga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qad rostlamoqda.

Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 o‘rinli bog‘cha, 330 o‘rinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi ko‘chib kirdi.

Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘quv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator o‘rnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul o‘simliklari ekilgan.

Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) ko‘p qavatli uy-joy, yangi yo‘llar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tashrif chog‘ida prezident massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi ko‘p qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari o‘rnatilgan.

Inklyuziv ta’lim har bir bolaning jismoniy yoki aqliy holatidan qat’i nazar, maktabga borishi va sifatli ta’lim olishini ta’minlashni nazarda tutadi.

Davlat rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Maktabda bugun 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida o‘qitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yo‘laklar, o‘quv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhimligiga e’tibor qaratdi.

– Sun’iy intellektga o‘qitish dasturlarini bejiz maktablar ta’limiga joriy etmayapmiz, o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor bo‘lib borishlarini istaymiz, – dedi prezident.

Shundan so‘ng prezident massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari o‘quv markazini ko‘zdan kechirdi.

6,5 milliard so‘m hisobiga barpo etilgan 400 o‘rinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga ta’lim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin o‘quvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin o‘quvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Davlat rahbari yoshlarni ilmga yo‘naltirish, jumladan, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz, kerak bo‘lsa, ularning sa’y-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bog‘lashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda o‘qitadi, – dedi prezident.

Ko‘klam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish an’anaga aylangan. Prezident massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda bo‘ldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.

– Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lmoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “ta’lim-ta’lim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib o‘rin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi prezident.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid