Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Kiyev, Xarkiv va Zaporijjyaga zarba berdi
Rossiya Kiyev, Xarkiv, Zaporijjya va Kriviy Rix shaharlariga dronlar va raketalar bilan zarba berdi.
Foto: Telegram / ivan_fedorov_zp
Ukraina hokimiyati va mamlakat qurolli kuchlari vakillari xabar berishicha, payshanbaga o‘tar kechasi, 26 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlariga navbatdagi hujumni dronlar va ballistik raketalar qo‘llagan holda amalga oshirgan. Zarbalar oqibati haqidagi ma’lumotlar Kiyev, Xarkiv, Zaporijjya va Kriviy Rixdan kelmoqda.
Kiyevda Goloseyev va Pechersk tumanlarida yong‘inlar chiqqanini shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko bildirdi. Birinchi holatda zarba xususiy uyga, ikkinchi holatda esa xususiy sektordagi ikki qavatli uyga to‘g‘ri kelgan. Dastlab jabrlanganlar haqida xabar qilinmagan.
Xarkivda zarbalar shahar markaziy bog‘iga, shuningdek Slobodskoy, Saltovskiy va Shevchenko tumanlaridagi turar joy binolariga to‘g‘ri kelgan. Shahar meri Igor Terexov hujumlar natijasida kamida sakkiz nafar kishi jabrlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, gaz quvuri tarmog‘ining bir qismi shikastlangan.
Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov ma’lumotiga ko‘ra, Zaporijjyada bir nechta to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba qayd etilgan, shulardan biri savdo markazi binosiga to‘g‘ri kelgan. Kamida olti nafar kishi jabrlangani ma’lum. Mansabdorga ko‘ra, RFning nishonlari orasida shaharning infratuzilma obektlari ham bo‘lgan.
Kriviy Rixda Rossiya droni besh qavatli turar joy uyiga urilgan, hujum natijasida jabrlangan bor, deb xabar qildi shahar mudofaa kengashi raisi Aleksandr Vilkul.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari xabar berishicha, avvalgi kuni kunduzi RF Ukraina shaharlariga kamida 115 ta dron uchirgan.
Ukraina esa 25 fevralga o‘tar kechasi Rossiyaning Smolensk viloyatidagi Dorogobuj shahrida joylashgan kimyo zavodiga hujum qilgan. “Dorogobuj” korxonasida, jumladan, harbiy sohada qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ammiak selitrasi ishlab chiqariladi. Mahalliy gubernator Vasiliy Anoxin ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida zavod infratuzilmasining ayrim elementlari, yong‘in qismi binosi hamda yong‘in o‘chirish uchun mo‘ljallangan maxsus avtomobil shikastlangan.
To‘liq ko‘lamli jang harakatlari davom etayotganiga to‘rt yil to‘lishi fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Suhbat yakunlariga ko‘ra, Ukraina rahbari RF, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundi mart oyi boshiga rejalashtirilganini aytdi.
Bu yil boshidan buyon uch davlat delegatsiyalarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘ladi, ammo oldingi raundlar natijasida tinchlik sari sezilarli ilgarilash haqida xabar berilmagan. Eng asosiy hal etilmagan masalalardan biri — Moskva tomonining Donbass bo‘yicha hududiy da’volari, shuningdek 2022 yilda RF kuchlari egallagan Zaporijjya AES ustidan nazorat masalasi bo‘lib qolmoqda.
Mavzuga oid
13:44
UXX ikki yuqori lavozimli harbiyni “jinoyat ustida” ushladi
13:18
Germaniya bundestagi Ukraina qo‘llab-quvvatlanishi haqida rezolyutsiya qabul qildi
12:44
“Transperensi”: RF britan ofshorlari orqali savdo olib bormoqda
11:42