Jahon | 21:48 / 26.02.2026
1782
8 daqiqa o‘qiladi

Urushning 4 yilligi: Rossiya va Ukraina qancha qurbon berdi?

Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘rt yildirki davom etayotgan urushda har ikki tomon ulkan insoniy yo‘qotishlarga uchradi. Bu nizo nafaqat Yevropa, balki Markaziy Osiyoning ham geosiyosiy va geoiqtisodiy manzarasini o‘zgartirib yubordi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqida so‘z yuritdi.

— Rossiya-Ukraina urushi davomidagi yo‘qotishlar hamda konfliktning MOga ta’siri qanday bo‘ldi?

Oybek Sirojov: Bu urushda Rossiya juda katta yo‘qotishlar evaziga, juda kam natijaga erishdi. To‘rt yil o‘tganiga qaramay, erishilgan hududiy natijalar cheklangan, yo‘qotishlar esa nihoyatda katta. Rossiya tomonidan halok bo‘lgan harbiylar soni 140–170 ming atrofida deb baholanadi. Ukraina tomoni yo‘qotishlari esa bundan taxminan 30–40 ming nafarga kamroq ekani aytiladi. Bu ko‘rsatkichlar hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari odatda ko‘proq bo‘lishi haqidagi harbiy qonuniyat bilan izohlanadi.

Agar yaradorlar va safdan chiqqanlarni ham hisobga olsak, Rossiya tomonida bu ko‘rsatkich 300–350 ming atrofida, Ukraina tomonida esa 250–300 ming atrofida deb baholanmoqda. Umumiy hisobda Rossiya yo‘qotishlari halok bo‘lgan va yaralanganlar bilan birga qariyb 600 ming nafarga yaqin, Ukraina tomonida esa 450–500 ming atrofida deb ko‘rsatiladi. Texnika yo‘qotishlari ham nihoyatda katta.

Tanklar, harbiy samolyotlar, uchuvchisiz qurilmalar va boshqa harbiy texnikalar yo‘qotilishi ko‘lami jihatidan XXI asr urushlari orasida eng yiriklaridan biri. Eng achinarli jihatlardan biri, aholi yo‘qotishlari va majburiy migratsiya. Ukrainadan 8–10 milliongacha aholi o‘z uyini tark etgan – ular xorijga chiqib ketgan yoki mamlakat ichida ko‘chirilgan. Rossiyada ham 700 mingdan 1 milliongacha fuqaro mamlakatni tark etgani haqida ma’lumotlar bor.

Markaziy Osiyo uchun ham bu urush bevosita ta’sirsiz qolmadi. Avvalo, iqtisodiy jihatdan Rossiya mintaqa davlatlarining asosiy savdo hamkorlaridan biri edi. Urush va sanksiyalar natijasida savdo aloqalari, logistika zanjirlari va moliyaviy oqimlarda uzilishlar yuzaga keldi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya orqali jahon bozorlariga, xususan Yevropa va dengiz yo‘llariga chiqish imkoniyatlari cheklab qo‘yildi. Bu esa muqobil transport yo‘laklarini izlash zaruratini kuchaytirdi.

Siyosiy jihatdan qaralganda, Rossiyaning mintaqadagi ta’sir doirasi ma’lum darajada qisqardi. Bu ayrim jihatdan Markaziy Osiyo davlatlari uchun ijobiy omil sifatida baholanmoqda.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning geosiyosiy sub’yektivligi va suvereniteti sezilarli darajada oshib bormoqda. Mintaqa davlatlari AQSh bilan 5+1 formati doirasida, shuningdek Xitoy va boshqa global o‘yinchilar bilan hamkorlikni faollashtirmoqda.

Yana bir muhim jihat – ushbu urush Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘zaro integratsiya va hamkorlikni kuchaytirish zaruratini yanada yaqqolroq ko‘rsatdi. Yirik geosiyosiy kuchlar bosimi sharoitida mintaqaviy birdamlik va ichki hamjihatlik strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: Rossiyada urush yo‘qotishlarini mustaqil ravishda o‘rganayotgan bir nechta loyihalar mavjud. Shulardan biri – “Mediazona” loyihasi. Ma’lumotlarni yig‘ish usullari turlicha: ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan nekrologlar, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar, ochiq harbiy va ayrim hollarda yashirin manbalardan foydalaniladi.

Masalan, joriy yil 30 yanvardan 13 fevralgacha bo‘lgan davr ichida shaxsi aniq tasdiqlangan 9 291 nafar rossiyalik harbiyning halok bo‘lgani qayd etilgan.

To‘rt yil davomida esa ism-familiyasi va boshqa ma’lumotlari tasdiqlangan rossiyalik halok bo‘lganlar soni 177 433 nafarni tashkil etadi. Tadqiqotchilar bu raqamlar yakuniy emasligini ta’kidlaydi, chunki Rossiya rasmiylari yo‘qotishlarni maksimal darajada yashirishga harakat qilmoqda.

Shunga qaramay, “Mediazona” ma’lumotlarni viloyatlar kesimida ham tahlil qilib bormoqda va bu yerda sezilarli nomutanosiblik kuzatiladi. Hududiy taqsimotga qaralsa, Rossiya hokimiyati Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik markazlardan kamroq odam jalb qilishga harakat qilayotgani seziladi. Sababi, bu shaharlarda ijtimoiy-siyosiy kayfiyat tez shakllanadi va norozilik namoyishlari ehtimoli bor.

Ayrim hududlarda esa, aksincha, yo‘qotishlar ancha katta. Masalan, Perm viloyatidan 5 319 nafar, Tataristondan 7 152 nafar, Boshqirdistondan esa 8 252 nafar halok bo‘lgan harbiy qayd etilgan.

Kavkaz mintaqasidagi ayrim respublikalardan esa ko‘rsatkichlar nisbatan past. Masalan, Chechenistondan 389 nafar, Ingushiyadan 207 nafar, Kabardino-Balkariyadan 505 nafar halok bo‘lganlar ro‘yxatga olingan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu hududlarda 1990–2000 yillardagi separatistik harakatlar tajribasi sababli markaziy hokimiyat ehtiyotkor siyosat yuritmoqda.

Halok bo‘lganlarning ijtimoiy tarkibi ham e’tiborga molik. Birinchi o‘rinda shartnoma asosida pul evaziga yollangan ko‘ngillilar turadi. Rossiya urushga jalb qilish uchun katta miqdorda moliyaviy rag‘bat taklif qilmoqda: bir martalik to‘lov va keyinchalik oylik maosh shaklida.

Ikkinchi toifani mahbuslar tashkil etadi. Turli jinoyatlar bilan qamalgan shaxslarga shartnoma asosida urushga borish taklif etiladi. Bosim va takror-takror bo‘ladigan talablar natijasida, ko‘plab mahbuslar kontraktni qabul qilishga majbur bo‘ladi. Uchinchi toifaga mobilizatsiya qilinganlar va motostrelkachi bo‘linmalar kiradi.

Yosh tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p halok bo‘layotganlar 36–38 yosh oralig‘idagilar hisoblanadi. Ikkinchi o‘rinda 30–35 yoshdagilar, uchinchi o‘rinda esa 39–41 yoshdagilar turadi. Shuningdek, 57–59 yosh, hatto 60–62 yoshdagi harbiylar orasida ham yo‘qotishlar bor. Biroq asosiy ulush 35–41 yosh oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

Urushning Markaziy Osiyoga ta’siri borasida, yuqoridagi fikrlarga qo‘shilaman. Geoiqtisodiy tomoniga to‘xtalsak, urush boshlanishi bilan Xitoy muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini izlay boshladi, chunki Rossiya sanksiyalar ostida qoldi. Shu jarayon Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li loyihasining faollashishiga turtki berdi. Bu loyiha 1990-yillardan buyon O‘zbekiston uchun strategik orzulardan biri edi.

Shuningdek, Transkaspiy transport yo‘lagi loyihasi ham jadallashdi. Sababi, Xitoy, Yevropa va Turkiya uchun Rossiya hududidan tashqaridagi muqobil yo‘nalishlarga ehtiyoj ortdi.

Umuman olganda, global iqtisodiy tuzilma o‘zgarib bormoqda. Bu jarayon Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar oynasini ochmoqda. Agar tarixda birinchi yirik imkoniyat Buyuk Ipak yo‘li bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi geoiqtisodiy vaziyatni mintaqa uchun ikkinchi tarixiy imkoniyat deb baholash mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid