Jahon | 11:42
1810
3 daqiqa o‘qiladi

Yanukovichning sobiq maslahatchisi o‘ldirilishi: gumonlanuvchi GFRda ushlandi

Ispaniya politsiyasi ma’lum qilishicha, Germaniya g‘arbidagi Xaynsberg shahrida (Niderlandiya chegarasi yaqinida) 2025 yil may oyida Madrid yaqinida Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich ma’muriyati rahbari o‘rinbosarining sobiq maslahatchisi Andrey Portnovning o‘ldirilishida gumonlanuvchi ushlangan. Amaliyot Germaniya maxsus bo‘linmasi ishtirokida o‘tkazilgan.

Foto: Nacho Doce/REUTERS

Ispaniya Milliy politsiyasi 2025 yili Madrid yaqinida Viktor Yanukovichning prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari sobiq maslahatchisi Andrey Portnovni o‘ldirishda gumonlanuvchi Germaniya g‘arbida qo‘lga olinganini bildirdi. Ispaniya Milliy politsiyasi saytida chorshanba, 25 fevral kuni berilgan xabarga ko‘ra, ushlash Madrid politsiya boshqarmasining qotilliklarni tergov qilish bo‘limi xodimlari tomonidan Germaniya Federal jinoyat ishlari idorasining (BKA) maxsus tezkor guruhi ishtirokida Xaynsbergda, Niderlandiya chegarasi yaqinida amalga oshirilgan.

Bayonotda aytilishicha, hozircha tergov natijalari ushlangan shaxs Madrid atrofidagi Posuelo-de-Alarkon shaharchasida joylashgan Amerika maktabi kirish qismi oldida o‘q uzgan aynan o‘sha odam ekanini ko‘rsatmoqda. Shu ma’lumotga ko‘ra, gumonlanuvchining yashash joyida Yevropa orderi asosida tintuv o‘tkaziladi. Ish materiallari maxfiylashtirilgan, tergov davom etmoqda, deb qo‘shimcha qildi ispan politsiyasi.

51 yoshli Andrey Portnov 2025 yil 21 may kuni Madrid atrofida Amerika maktabi yaqinida otib ketilgan. Ispaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi uni maktab yonida kutib turgan, bir necha marta o‘q uzgan va yashiringan.

Portnov Luxansk viloyatida tug‘ilgan, 2006 yilda Ukraina Oliy radasiga xalq deputati etib saylangan. 2011–2014 yillar orasida u prezident Viktor Yanukovichning maslahatchisi, shuningdek prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari bo‘lgan. 2014 yil fevral oyida Yanukovich Ukrainadan qochgan. 2015 yilda Portnov ham mamlakatni tark etgan, ammo 2019 yilda qaytib kelgan va saylovlarda kelajakda prezident bo‘ladigan Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlagan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Portnov yana Ukrainani tark etgan.

Ukrainada Portnov bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha figurant bo‘lgan, jumladan Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishiga go‘yo aloqadorligi uchun davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha ham, biroq u ishlar yopilishiga erishgan. Shu bilan birga, Ukrainaga qaytganidan keyin Portnovning o‘zi sobiq prezident Pyotr Poroshenkoga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilishi tashabbuskori bo‘lgan — ular orasida Poroshenko Minsk kelishuvlarini imzolaganidan kelib chiqib, uning tomonidan ehtimoliy davlatga xiyonat bo‘lgani haqidagi ish ham bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid