Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YPXdan qochgan BMW'lar ishi: prokuratura sud qaroriga protest kiritdi
Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayevga nisbatan yanvar oyidagi ma’muriy huquqbuzarlik ishida sudya ayblovni o‘zgartirib, 20 BHM (8,4 mln so‘m) jarima tayinlagan. Ishni tergov sudyasi Botiralibek Omonov ko‘rib chiqqan bo‘lib, avvalroq ushbu sudyaning Li 9 va BYD to‘qnashuvi borasidagi qarori shov-shuvli tarzda bekor qilingandi. Endi prokuratura uning Jumayevga nisbatan qaroridan norozi.
YPXga bo‘ysunmagan ikkita BMW voqeasining ishtirokchisi bo‘lganidan “faxrlanishi” va bu holatni tarqatgani uchun “kichkina jarima” bilan qutulib ketganini aytgan Asadbek Jumayev o‘shanda 8,4 mln so‘m jarimaga tortilgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Ma’muriy huquqbuzarlik JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 2026 yil 16 yanvardagi qarorida yozilishicha, Asadbek Jumayev 7 yanvar kuni Instagram'dagi Uzbelas va UzbelasPerfomance sahifalarida bir guruh huquqbuzarlar tomonidan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysinmay harakatlangani aks etgan videolavhani e’lon qilgan.
Surishtiruv organi Asadbek Jumayevning harakatini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-1-moddasi 1-qismi, ya’ni qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga omma oldida da’vat qilish bilan malakalagan. Bunday qilmish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Ishni ko‘rgan tergov sudyasi Botiralibek Omonov huquqbuzarning harakati MJtKning 195-2-moddasi, ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto-videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish bilan qayta malakalagan. Bundan huquqbuzarlik BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Sud qarori bilan, Asadbek Jumayev BHMning 20 baravari – 8 mln 420 ming so‘m jarimaga tortilgan.

Bosh prokuratura bugun, 27 fevral kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayev ishtirokidagi videointervyu o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, holatga xolis huquqiy baho berish maqsadida 2026 yil 26 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilishi ta’minlangan.
Ta’kidlash lozim, avvalroq Botiralibek Omonov raisligida ko‘rilgan Li 9 va BYD to‘qnashuviga oid ish ham shov-shuv bo‘lgandi. O‘shanda sud qarori bilan Li 9 katta tezlikda kelib urgan BYD mashinasi haydovchisi zimmasiga 798 mln so‘m moddiy zarar yuklangan edi. Apellyatsiya sudi bu qarorni bekor qilib, ishni surishtiruvga qaytarib yuborgandi.
Avvalroq Asadbek Jumayev o‘z intervyusida bu voqea videotasvirga olish uchun qilinganini tan olgandi. “To‘g‘risini aytib ketaman: uni qanaqadir “narochno” qilmaganmiz, u narsa YouTube video uchun qilingan”, – degandi u.
Mavzuga oid
14:19
Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda
10:50
«Atigi o‘nta minimalka» haqida maqtangan qoidabuzar ham uzr so‘radi
10:47
Xorazmda mast holda mashina boshqargan IIB xodimi odam urib yuborib, hodisa joyidan ketib qoldi
10:35