Jahon | 13:46
2159
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Isroilning Eronga zarbalaridan keyin neft narxi oshdi

AQSh va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi boshlangani va shu tufayli Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi cheklangani ortidan neft narxlari keskin ko‘tarildi. Bundan tashqari, oltin qimmatlashdi, gaz narxlarida ham sakrash bo‘lishi mumkin.

Jahon neft narxlari AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro keskinlashganidan keyin jiddiy oshdi. Dpa agentligi e’tibor qaratganidek, 2 mart, dushanba kuni ertalab savdolarning ilk daqiqalarida aprelda yetkazib berish shartlari bilan Brent nefti narxi 14 foizga o‘sib, barreli 82,37 dollarga yetdi — bu 2024 yil iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. AQShning West Texas Intermediate (WTI) markali nefti narxi 75,33 dollargacha ko‘tarildi — bu 2025 yil iyunidan beri eng yuqori daraja. Ilk sakrashdan keyin narxlar biroz pasaydi, ammo o‘sish ko‘rsatkichlari taxminan 9 foiz atrofida saqlanib qoldi.

Oxirgi marta neft barreli 82 dollardan yuqori narxda 2025 yil 16 yanvarda savdo qilingan edi.

Tahlilchilar prognozlariga ko‘ra, agar mojaro uzoq davom etsa, neft infratuzilmasiga hujumlar va savdo yo‘llarining to‘sib qo‘yilishi kuzatilsa, neft narxi 100 dollardan ham yuqori ko‘tarilishi mumkin. Bu 27 fevraldan beri taxminan 37 foiz o‘sishni anglatadi.

Mojaro keskinlashgani fonida oltin ham qimmatlashdi. 2 mart kuni savdolar boshida bir troya unsiya narxi 5393 dollarga yetdi — bu 27 fevraldagi narxdan 2,2 foiz yuqori. Shu tariqa, bu metall narxi yanvar oxirida qayd etilgan qariyb 5600 dollarlik rekord maksimumga asta-sekin yaqinlashmoqda.

Shu bilan birga, Bloomberg xabar berishicha, Goldman Sachs investitsiya kompaniyasi harbiy harakatlar sabab gaz narxlari ham keskin ko‘tarilishini prognoz qilmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan jahon bo‘yicha suyultirilgan tabiiy gaz (STG) savdosining taxminan beshdan bir qismi o‘tadi — asosan Qatardan. Hatto bir oylik to‘xtashning o‘zi ham Yevropada tabiiy gaz narxlari va Osiyodagi suyultirilgan gazning spot narxlari 130 foizga o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Bir kun oldin, Eron o‘z hududiga berilgan zarbalardan keyin, jahon nefti yetkazib berishlarining taxminan 20 foizi va STGning 30 foizigacha qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali savdo to‘xtatilishini e’lon qildi. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tehronning bu qarori natijasida kamida 150 ta neft tankeri bo‘g‘oz yaqinida to‘planib qolgan. Tahlilchilar ta’kidlashicha, ushbu yo‘lakdan kemalarning to‘liq o‘tishi to‘xtasa, sutkasiga 10 mln barrel miqdorida — ya’ni jahon iste’molining 10 foiziga teng darajada taqchillikka olib kelishi mumkin.

Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarbalar berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini bildirdi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirdi.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, 1 mart kuni ertalabki holat bo‘yicha zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Bosh shtab boshlig‘i Abdulrahim Musaviy hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eron javob tariqasida Isroil va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar hududiga zarbalar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid