Jahon | 14:45
1098
3 daqiqa o‘qiladi

Belgiya Rossiyaning “yashirin floti” tankerini qo‘lga oldi

Belgiya harbiylari Fransiya ko‘magida RFning “soyadagi floti”ga tegishli, neft tashuvchi tankerini qo‘lga oldi. Kema qalbaki hujjatlar bilan soxta bayroq ostida suzib yurgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinmoqda.

Foto: X / FranckenTheo

Belgiya “Ko‘k buzg‘unchi” operatsiyasi doirasida Rossiyaning “soya floti”ga tegishli neft tankerini qo‘lga oldi. “So‘nggi soatlar ichida qurolli kuchlarimiz Fransiya mudofaa vazirligi ko‘magida Rossiyaning ‘soya floti’ neft tankerini qo‘lga oldi”, — deb Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken yakshanba, 1 mart kuni X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, kuch tuzilmalari kemaga Shimoliy dengizda chiqib olgan va uni Zebryugge portigacha kuzatib borgan, u yerda kema xatlovga olingan. Franken tanker nomini keltirmagan, 2 mart kuni batafsil ma’lumot berishga va’da qilgan.

Reuters agentligi bilan suhbatda belgiyalik vazir kema qalbaki hujjatlar bilan soxta bayroq ostida suzib yurganlikda gumon qilinayotganini aytdi.

Belgiya bosh vaziri Bart de Vever mamlakat qurolli kuchlarini “muvaffaqiyatli operatsiya davomidagi professional va qat’iy harakatlari” bilan tabrikladi va Fransiyaga ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi. “Belgiya xalqaro dengiz huquqiga rioya qiladi va o‘z hududiy suvlarining xavfsizligini ta’minlaydi”, — dedi bosh vazir “Ko‘k buzg‘unchi” operatsiyasi haqida.

“Putin o‘zining ‘soya floti’siz Ukrainadagi tinch aholiga qarshi urush olib bora olmaydi. Shuning uchun biz bu kemalarni ishdan chiqaryapmiz. Birin-ketin. Uning urushi tugamaguncha”, — dedi Teo Franken.

“Soya flot” Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab unga nisbatan joriy etilgan g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tish uchun qo‘llanadi. Bunday kemalarning kimga tegishli ekani, odatda, ma’lum emas. Shuningdek, ko‘p hollarda gap atrof-muhit uchun xavf tug‘diradigan, eskirgan tankerlar haqida ketadi.

Belgiya davlat mediakompaniyasi RTBF ma’lumotiga ko‘ra, Ethera nomli neft tankeri ushlangan. Uzunligi 180 metr bo‘lgan, 2008 yilda qurilgan kema Gvineya bayrog‘i ostida suzgan va La-Mansh tomondan yo‘l olgan. U Ostende sohillari yaqinida to‘xtatib qolingan.

Belgiya adliya vaziri Annelis Verliden shunday ta’kidladi: “Ilk bor dengizda neft tankeri razvedka ma’lumotlari asosida to‘xtatib qolindi — bu ma’lumotlar uni soxta bayroq ostida suzib yurgan va shu tariqa ‘soya flot’ga tegishli kema sifatida identifikatsiya qilgan”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid