Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
General Keyn: AQSh Eron havo hududini nazoratga oldi
AQSh Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn Qo‘shma Shtatlar Eron havo hududi ustidan nazorat o‘rnatganini ma’lum qildi. Pentagon rahbari Pit Hegset esa hozircha quruqlikdagi operatsiya rejada yo‘qligini aytdi, biroq bunday ehtimolni butunlay istisno qilmadi.
Foto: Getty Images
AQSh harbiy rahbariyatining bayonotiga ko‘ra, mamlakat kuchlari Eron osmonida havo ustunligiga erishgan. General Den Keyn Pentagondagi matbuot anjumanida “havoda nazorat” nafaqat mintaqadagi amerikalik harbiylarning himoyasini kuchaytirishini, balki operatsiyalarni uzluksiz davom ettirish imkonini ham berishiga urg‘u berdi.
“Havo ustunligi kuchlarimizni himoya qiladi va ularga Eron hududi ustida operatsiyalarni davom ettirish imkonini yaratadi”, — dedi u.
Pentagon rahbari Pit Hegset jurnalistlar savollariga javoban hozirgi bosqichda Eronga quruqlik qo‘shinlari kiritish rejasi yo‘qligini bildirdi. Shu bilan birga, u AQSh prinsipial jihatdan barcha variantlarni ochiq qoldirayotganini ta’kidladi.
“Prezident Donald Tramp dushmanlarimizga aniq signal yubormoqda: Qo‘shma Shtatlar zarur bo‘lsa, qancha kerak bo‘lsa, shuncha uzoqqa boradi”, — dedi Hegset.
Biroq u Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy amaliyotga ishora qilib, “200 ming harbiy yuborib, 20 yil qolib ketish shart emas”, deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh zamonaviy harbiy imkoniyatlar orqali o‘z maqsadlariga “ahmoqona xatolar qilmasdan” ham erisha oladi.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi amaliyoti bir necha kundan beri davom etmoqda. Vashington Tehronning yadroviy dasturi va raketa salohiyatini yo‘q qilishni maqsad qilganini bildirmoqda. Eron esa javob zarbalari berishini aytgan va mintaqadagi bir qator nishonlarga hujumlar amalga oshirgan.
Havo ustunligi haqidagi bayonot AQSh operatsiyasi yangi bosqichga o‘tganini anglatishi mumkin. Shu bilan birga, rasmiylar hozircha mojaroni keng ko‘lamli quruqlik urushiga aylantirish niyati yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Mavzuga oid
17:53
FT: Isroil razvedkasi Ali Xominaiyni buzib kirilgan kameralar orqali kuzatgan
15:26
«Urushni biz boshlamadik». AQSh va Isroil rahbarlari urushning maqsad va istiqbollari haqida nima demoqda?
15:15
Trampning e’tirozi: Britaniya Eronga zarbalar uchun bazalarini bermadi
13:20