Jahon | 09:10
2441
2 daqiqa o‘qiladi

CNN: MRB Eronda kurdlar orqali qo‘zg‘olon qo‘zg‘atish rejasi ustida ishlamoqda

Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Eronda xalq qo‘zg‘olonini qo‘zg‘atish maqsadida kurd kuchlarini qurollantirish ustida ish olib bormoqda, deb yozadi CNN rejadan xabardor manbalarga tayanib.

Foto: Morteza Nikoubazl/Reuters

Ularning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati eronlik muxolifat guruhlari hamda Iroqdagi kurd yetakchilari bilan ularga harbiy ko‘mak ko‘rsatish masalasi bo‘yicha faol muzokaralar olib borgan.

Materialda qayd etilishicha, Eron kurd qurolli kuchlari “minglab jangchilar”dan iborat bo‘lib, ular Eron—Iroq chegarasi bo‘ylab harakat qiladi, asosan Iroq Kurdistonida joylashgan. 

Shu oy boshlarida Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Iroq Kurdistonidagi Eronga qarshi guruhlarga zarba berilganini ma’lum qilgan edi. IIMK bayonotida aytilishicha, bu kurdlar Eron hududiga kirib borishni va “vatanga qarshi harakat qilish”ni rejalashtirgan.

Kurdlar — Yaqin Sharqda yashovchi xalq. Ular asosan Turkiya, Iroq, Eron va Suriyaning o‘zaro tutash hududlarida, shuningdek Armaniston, Ozarboyjon va boshqa mamlakatlarda ham yashaydi. Ularning umumiy soni taxminan 30 million kishi deb baholanadi, shundan yarmidan ko‘pi — Turkiyada. Kurdlarning ko‘pchiligi — sunniylar, shu bilan birga so‘fizmning turli yo‘nalishlari va islomning noortodoksal sektalari tarafdorlari ham ancha, jumladan, alaviylar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid