Jahon | 15:02
3173
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiyaning gaz tashuvchi kemasi O‘rta Yer dengizida yonmoqda

O‘rta Yer dengizida Rossiyaga qarashli Arctic Metagaz nomli gaz tashuvchi kema yonmoqda, deb xabar bermoqda Reuters manbalarga tayanib. Agentlikka ko‘ra, yong‘in Ukrainaga tegishli dengiz droni hujumidan keyin kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Buni tasdiqlaydigan dalillar yo‘q.

Foto: The Insider

O‘rta Yer dengizida suyultirilgan tabiiy gaz (STG) tashish uchun mo‘ljallangan Rossiya kemasi — Arctic Metagaz yonmoqda. Bu haqda Reuters agentligi seshanba, 3 mart kuni dengiz tashuvi va dengiz xavfsizligi sohasidagi manbalarga tayanib xabar qildi.

Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, gaz tashuvchi kemaga Ukraina dengiz droni hujum qilgan bo‘lishi mumkin. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozircha kema ekipajining taqdiri noma’lum. Shu bilan birga, The Times of Malta gazetasi ekipaj qutqarilgani va hududdagi boshqa kemaga o‘tkazilganini yozmoqda.

Reuters qayd etishicha, Arctic Metagaz so‘nggi bor 2 mart kechqurun Malta sohillari yaqinida signal bergan. Gretsiyaning “Naftemboriki” gazetasi yozishicha, yong‘in 3 mart kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 4:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 7:00) boshlangan — o‘sha paytda kema Liviya sohillari yaqinida bo‘lgan va ehtimol dronlar tomonidan hujumga uchragan. Nashr, shuningdek, hujumni Ukraina tashkil etgan bo‘lishi mumkinligini aytgan, ammo buning uchun hech qanday dalil keltirmagan.

Yong‘in faktini gCaptain portaliga dengiz xavfsizligi va risklarni boshqarishga ixtisoslashgan Diaplous Group grek kompaniyasi vakili ham tasdiqlagan.

Arctic Metagaz kemasi — Rossiyaning “Arktik SPG-2” terminalidan sanksiyalar ostidagi STGni Xitoy janubiy sohilidagi Beyxay portiga tashishda qo‘llanadigan taxminan o‘nta gaz tashuvchi kemadan biri. gCaptain ma’lumoticha, 2026 yil 24 fevral kuni Arctic Metagaz yuk ortganidan keyin Murmansk portlaridan chiqib ketgan va ehtimol Misrning Suvaysh porti tomon yo‘l olgan. 2024 yildan beri kema AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid