Jahon | 13:55
1283
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina bo‘yicha muzokaralar ustuvor yo‘nalishlar ro‘yxatida “juda yuqori” o‘rinda

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari uning ustuvor vazifalari ro‘yxatida “juda yuqori” o‘rinda turishini bildirdi. 

Foto: Andrew Caballero-Reynolds/AFP

AQSh rahbari bu bayonotni 3 mart, seshanba kuni Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda jurnalistlarga muloqot paytida aytdi.

“Men buni oddiy muammo, deb o‘ylagandim. Prezidentlar Putin va Zelenskiy o‘rtasida ulkan nafrat bor. Ba’zan bir tomonni ayblayman, ba’zan ikkinchisini. Nimadir sodir bo‘lishiga ishonaman. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri eng og‘ir urush”, — dedi Tramp.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt haftada Ukrainada 32 ming nafar rossiyalik va ukrainalik askar halok bo‘lgan. AQSh prezidenti, shuningdek, Ukrainadagi urushni “ahmoqona” deb atadi va uni to‘xtatish uchun ikki tomon ham kelishuvga kelishi kerakligini ta’kidladi. “Tango uchun ikki kishi kerak”, — dedi AQSh rahbari.

Eron bilan bog‘liq urush haqidagi savollarga javob berar ekan, AQSh prezidenti mamlakatining qurol-yarog‘ zaxiralari “juda katta”, “deyarli chegarasiz” ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Trampning aytishicha, bu zaxiralarning katta qismini u Oq uy rahbari lavozimidagi avvalgi prezident Jo Bayden “ahmoqona tarzda bepul sovg‘a qilib” Ukrainaga berib yuborgan. AQSh rahbari hozir ukrain armiyasi uchun Amerika qurollarini Yevropa mamlakatlari sotib olayotganini eslatdi.

Germaniya kansleri AQShda ikki kun bo‘ladi. Fevral oyi oxirida u Tramp bilan muzokaralar mavzularidan biri AQSh bojlari bo‘lishini aytgan edi. Mersning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Oliy sudining Tramp joriy qilgan tariflarning bir qismini noqonuniy, deb topgan qarori ortidan Vashington bilan muzokaralar “nemis kompaniyalari milliardlab mablag‘larni qaytarib olishi” uchun zarur.

“Biz bu masala bo‘yicha juda aniq pozitsiyani ishlab chiqamiz, chunki tarif siyosati — alohida a’zo davlatlarning emas, Yevropa Ittifoqining ishi. Men Vashingtonga muvofiqlashtirilgan pozitsiya bilan boraman”, — degan edi kansler.

1 mart kuni Mers, shuningdek, AQSh va Isroil bir kun oldin boshlagan Erondagi urushni qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatga berilgan zarbalarning xalqaro huquq nuqtai nazaridan qonuniyligi haqidagi savolga kansler Germaniya “dilemma”ni ko‘rayotganini aytdi: uning fikricha, o‘tgan o‘n yilliklar davomida xalqaro huquq doirasida hech qanday qadamlar Tehron rahbariyatiga nisbatan natija bermagan. Germaniya kansleri nazarida, hozir “hamkorlar va ittifoqchilarga aql o‘rgatadigan payt emas”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid