Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga 90 mlrd yevro: Germaniya Vengriyaga bosimni kuchaytirmoqda
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Vengriyani Ukraina uchun 90 mlrd yevroga teng YeI kreditiga qo‘ygan vetosini bekor qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, Budapesht taqiqi qiymati - insonlar hayotidir.
Foto: GlobalLookPress
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Vengriyani Yevropa ittifoqining Ukraina uchun mo‘ljallangan krediti bloklanishini to‘xtatishga chaqirdi. “Biz endi qabul qilib bo‘lmaydigan to‘siqlar — hozir Vengriyadan kelayotganiga o‘xshash blokirovkalar juda zarur yordamni kechiktirib, shu tariqa mamlakat mudofaasi uchun mablag‘ yetishmasligi sabab insonlar hayotiga qimmatga tushishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, — dedi Vadeful 4 mart, chorshanba kuni Varshavada Boltiq dengizi davlatlari kengashining norasmiy uchrashuvida.
Gap 90 mlrd yevro miqdoridagi qarz haqida ketmoqda. Shundan 60 mlrd yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Germaniya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu kreditga nafaqat Kiyevning mudofaa qobiliyati, balki Yevropadagi tinchlik ham bog‘liq.
Vengriya o‘z vetosini shu bilan izohlaydiki, Ukraina hududi orqali o‘tuvchi “Drujba” neft quvuriga Rossiya zarba berganidan keyin, Kiyev go‘yo ta’mirlash ishlarini amalga oshirmagani sabab, Budapesht endi Rossiya neftini ololmayapti. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan hafta Vengriya tanqidlariga javoban Rossiya neftining Yevropa bozorida o‘rni yo‘qligini aytgan.
Yoxann Vadeful Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish istiqboli haqida ham gapirib, Yevropa davlatlarini Kiyevni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning tushuntirishicha, YeI a’zoligi ehtimol “Ukraina uchun eng muhim xavfsizlik kafolati” bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, u Ukraina “belgilangan ketma-ketlikka” amal qilishi va 1993 yilda qabul qilingan, YeIga a’zolikka nomzodlar uchun asosiy talablar bo‘lgan “Kopenhagen mezonlari”ni bajarishi kerakligini ta’kidladi. “Biz imkoni boricha tezroq a’zolikni xohlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi siyosat idorasi rahbari. U Germaniya hukumati Ukrainani islohotlarni tezlashtirishga chaqirishini va YeI doirasida Ukraina a’zoligiga nisbatan ochiqlik saqlanishini ta’minlashga intilishini bildirdi.
Vladimir Zelenskiy fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlaganda, Ukraina 2027 yildayoq Yevroittifoq a’zosi bo‘lish niyatini yana bir bor qayd etgan edi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa bunday imkoniyatni ko‘rmayotganini avvalroq bildirgan. Germaniya hukumati rahbari: “2027 yil 1 yanvardan a’zolik istisno qilinadi”, — degan.
Mavzuga oid
10:05
OAV: AQSh “Rosneft”ning Germaniyadagi shu’ba kompaniyasini sanksiyalardan chiqaradi
09:56
Pistorius: Germaniya Eronga qarshi urushda qatnashmaydi
09:42
Putin Vengriya TIV rahbari Siyyartoga ikki harbiy asirni topshirdi
13:55 / 04.03.2026