Jahon | 09:21 / 07.03.2026
1727
4 daqiqa o‘qiladi

Litva Yevropadagi posilkalar portlashi ishi bo‘yicha besh kishini aybladi

Tergov 2024 yilda Yevropada yuz bergan posilkalar portlashlari seriyasiga Rossiya harbiy razvedkasining aloqadorligini aniqladi. Litvadagi sudda ayblanayotganlar orasida Rossiya, Ukraina va Litva fuqarolari bor.

Foto: AP

Litva 2024 yilda Yevropada sodir bo‘lgan posilkalar portlashlari seriyasi munosabati bilan besh nafar shaxsga ayblov e’lon qildi, deb ma’lum qildi mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Arturas Urbelis 6 mart, juma kuni. Gumonlanuvchilar orasida Rossiya, Ukraina va Litva fuqarolari bor. Ularga “terrorizm” bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

2024 yilda Germaniya, Buyuk Britaniya va Polshada DHL hamda DPD yetkazib berish xizmatlari orqali tashilgan posilkalar portlagan edi. Litva prokuraturasi va jinoyat qidiruv politsiyasi o‘tgan yili bu jinoyatlar Rossiyaning harbiy razvedkasi bilan bog‘liq bo‘lgan Rossiya fuqarolari tomonidan tashkil etilgani va boshqarilganini aniqlagan. Litva maxsus xizmatlari, shuningdek, to‘rtta posilka Rossiyaning AQShga yo‘naltirilgan yuk reyslarida portlashlar uyushtirish maqsadidagi fitnaning sinov bosqichi qismi bo‘lganini ma’lum qildi.

Posilkalardan biri Birminghem yaqinidagi DHL omborida yonib ketgan, yana biri esa samolyotga yuklanishidan bevosita oldin Leypsig aeroportida yongan. Tergovchilar, shuningdek, AQSh va Kanadaga yuborilgan ikkita posilkani hamda Amsterdamda xuddi shu yo‘nalishlarga mo‘ljallangan yana ikkita posilkani aniqlagan.

Jami hisobda Litva va Polshada Rossiya harbiy maxsus xizmatlari manfaati yo‘lida harakat qilgan, deb taxmin qilinayotgan 22 nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Ikkita ish allaqachon har ikki mamlakat sudlariga topshirilgan — sud jarayonlari joriy yilda bo‘lishi kutilmoqda. Yevropa adliya tizimi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar Rossiya, Latviya, Estoniya, Litva va Ukrainada yollangan bo‘lib, ko‘pincha “ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zaif ahvoldagi” odamlar orasidan tanlangan. Ularga ko‘rsatmalar messenjer orqali berilgan, vazifalar ular o‘rtasida taqsimlangan, to‘lov esa kriptovaluta orqali amalga oshirilgan.

Buyuk Britaniyada Birminghemdagi yong‘in ishi bo‘yicha 38 yoshli Ruminiya fuqarosi qo‘lga olingan — u Stansted aeroportiga uchib kelganidan keyin ushlangan va hozirgacha tergov ostida qolmoqda.

“Rossiyaning davom etayotgan dushmanlik harakatlari milliy xavfsizligimizga tahdid solmoqda. Shu bois hukumat bu faoliyatni jilovlash uchun muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rdi — mudofaa xarajatlarini oshirish, razvedka xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuborish, GRUga qarshi sanksiyalar joriy etish, noqonuniy moliyaviy oqimlarga zarba berish va ularning ko‘plab agentlarini javobgarlikka tortish”, — dedi shu munosabat bilan Britaniya hukumati vakili.

“Milliy xavfsizlik — hukumatning eng birinchi burchidir, huquqni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlarimiz Britaniya fuqarolarini himoya qilish uchun o‘z ixtiyoridagi barcha vosita va vakolatlardan foydalanishda davom etadi”, — deya ishontirdi u.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya terrorizmga qarshi politsiyasi komissari o‘rinbosari Viki Evans yevropalik hamkasblarining ishini “chindan ham ajoyib” deb atadi va aynan shu ish doirasidagi hamkorlik “Rossiya harbiy razvedkasining butun Yevropa bo‘ylab sodir bo‘lgan bir qator hodisalarga aloqadorligini birgalikda aniqlash” imkonini berganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid