Jahon | 02:19
3771
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronda demokratiya o‘rnatilishi uni qiziqtirmasligini aytdi 

Donald Tramp Eronga AQSh talablariga javob beradigan diniy rahnamo rahbarlik qilishiga qarshi bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.  

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron demokratik davlatga aylanishi shart deb hisoblamaydi va mamlakatda Vashingtonga sodiq har qanday «adolatli» rahbar paydo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. U bu haqda CNN jurnalistiga bergan intervyusida aytdi.

Tramp CNN boshlovchisi Dana Bash bilan telefon orqali suhbati davomida Eronga AQSh talablariga javob beradigan diniy rahnamo rahbarlik qilishiga ham qarshi bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi Eron rahbariyati «zaiflashgan», mamlakatning o‘zi esa «bir hafta avvalgiday emas», shuning uchun Oq uy Eronda yaqinda Venesuelada bo‘lgani kabi yangi rahbariyatni shakllantirishda ishtirok etishga umid qilmoqda.

«Bu juda oson bo‘ladi. Bu xuddi Venesueladagi kabi kechadi. U yerda bizning ajoyib rahbarimiz bor. U o‘z vazifasini a’lo darajada uddalayapti. Va bu xuddi Venesueladagi kabi bo‘ladi», — dedi u vaqtincha prezident vazifasini bajarayotgan Delsi Rodrigesni nazarda tutib.

Demokratiyani ilgari surish AQSh tashqi siyosat doktrinasining asoslaridan biri hisoblanadi. 2021 yilda Amerika rejimlarni ag‘darmaslik va demokratiyani kuch bilan o‘rnatmaslikka va’da bergandi. Sobiq davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning bu boradagi ilgarigi urinishlari natija bermagan. 

AQSh rasmiylari va davlat departamenti Eron hukumatini aynan nodemokratik rejim va inson huquqlarini buzuvchi deya muntazam ravishda tanqid qilib keladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid