Jahon | 21:13 / 09.03.2026
1577
3 daqiqa o‘qiladi

G7 davlatlari hozircha strategik neft zaxiralarini ishlatmaslikka kelishib oldi

AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan keyin Brent nefti narxi keskin ko‘tarildi. G7 davlatlari bozorni barqarorlashtirish uchun zarur bo‘lgan har qanday vositalardan foydalanishga, shu jumladan, zarur zaxiralarni ehtimoliy bo‘shatishga kelishib oldi.

Foto: Getty images

G7 davlatlari strategik neft zaxiralarini bo‘shatishga «hali tayyor emas», dedi Fransiya moliya vaziri Rolan Leskyur. U bu haqda jurnalistlarga Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha hamkasblari bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

«Biz hali tayyor emasmiz. Biz, agar kerak bo‘lsa, bozorni barqarorlashtirish uchun zarur bo‘lgan har qanday vositalardan foydalanishga, shu jumladan, zarur zaxiralarni ehtimoliy bo‘shatishga kelishib oldik», dedi Leskyur.

G7 mamlakatlari moliya vazirlari yig‘ilishi haqida Xalqaro energetika agentligi (IEA) rahbari Fotih Birol ham ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzit bilan bog‘liq muammolardan tashqari, neft qazib olishning katta qismi qisqartirilgan. Hozir IEA a’zo davlatlar 1,2 milliard barreldan ortiq davlat avariyaviy neft zaxiralariga, shuningdek, 600 million barrel sanoat zaxiralariga ega, dedi janob Birol.

«Favqulodda» neft zaxiralari IEA tomonidan 1974 yilda neft narxining oshishiga va yoqilg‘i tanqisligiga olib kelgan arab neft embargosidan keyin yaratilgan. Ushbu zaxiralar yirik neft iste’molchi davlatlarga «muhim energiya zarbalariga» javob berish imkonini berish uchun mo‘ljallangan. IEA tashkil etilganidan beri uning a’zolari besh marta, oxirgi ikki marta 2022 yilda Rossiya harbiy operatsiyasi fonida neft zaxiralarini bo‘shatgan.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. 6 mart kuni Brent nefti narxi ikki yil ichida birinchi marta bir barrel uchun 89 dollardan oshdi. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, 3 mart kuni IEA «neft ta’minotining yetilib kelayotgan inqirozini» hal qilish variantlarini ko‘rib chiqish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilish uchun tayyorlangan hujjatda IEA «neft bozorlari barqarorligini saqlash uchun harakat qilishga tayyorligi» aytilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid