Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiprdagi aviabazaga hujum qilgan drondan Rossiyada chiqarilgan qismlar topildi
Britaniyaning The Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, 2 mart kuni Kiprdagi Britaniya bazasiga hujum qilgan hujumkor dronda Rossiya uskunalari - Rossiyada ishlab chiqarilgan “Kometa-B” navigatsiya tizimi bo‘lgan.
2 martga o‘tar kechasi Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri aviabazasiga zarba bergan dron Rossiya harbiy texnikasi bilan jihozlangan bo‘lgan.
“Uning bortida Rossiyada ishlab chiqarilgan ‘Kometa-B’ navigatsiya tizimi bor edi — bu qurilma ilk bor dekabr oyida Ukraina havo mudofaa vositalari tomonidan tutib olingan dronlarda aniqlangan”, — deyiladi 7 mart, shanba kuni Britaniyaning The Times kundalik gazetasi saytida chop etilgan materialda.
Nashrda aytilishicha, Britaniya harbiy razvedkasi aniqlangan qismlarni keyingi tadqiqotlar uchun mamlakat ichidagi laboratoriyaga yuborgan.
Hujumni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Livanning “Hizbulloh” guruhi jangarilari amalga oshirgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur topilma AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida Rossiya harbiy texnikasi qo‘llanganini ilk bor ko‘rsatmoqda va bu holat ushbu harbiy to‘qnashuvda Moskva ta’sirining ortib borayotgani haqida xavotirlarni kuchaytirmoqda.
“Bu, Rossiya Eronga mintaqadagi Amerika kuchlariga, jumladan AQSh harbiy kemalari va samolyotlarining joylashuv nuqtalari bo‘yicha hujum qilishga yordam berish uchun razvedka ma’lumotlarini uzatayotgani haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi”, — deb yozadi Britaniya gazetasi.
The Times qayd etishicha, hozirda Kiprga 6 mart kuni yetib kelgan ikkita Wildcat vertolyotini ham o‘z ichiga olgan Britaniya harbiy obektlari Eron va uning Livan hamda Yamandagi tarafdorlari hujumlarining nishoniga aylanishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.
7 mart kuni Britaniya Yaqin Sharqdagi harbiy imkoniyatlarini kengaytirayotganini e’lon qildi. Xususan, yaqin kunlarda HMS Prince of Wales nomli ikkinchi aviatashuvchi ham Fors ko‘rfaziga yuborilishi mumkin. Britaniya Mudofaa vazirligi bundan oldin mamlakat mintaqadagi ishtirokini “kuchaytirayotganini” ta’kidlagan edi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 mart kuni Rossiya Eronga qurol yetkazib berayotganiga ishonishini bildirdi.
“Biz ular Shahed uchun elektronika yetkazib berishi mumkinligini tushunamiz. Menimcha, buning barchasini bugun Yaqin Sharqqa zarba berayotgan Shahed parchalaridan topish mumkin. Eronning Shahed dronlari Rossiyada ishlab chiqarilgan qismlarni o‘z ichiga oladi. Bu — biz aniq biladigan narsa,” dedi Zelenskiy.
Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri harbiy-havo bazasi 2 martga o‘tar kechasi Eron droni hujumiga uchradi. Bazaga uncha katta bo‘lmagan moddiy zarar yetganini Kipr prezidenti Nikos Xristodulidis ma’lum qildi. U shu bilan birga, uning mamlakati “hech qanday tarzda harbiy operatsiyalarda ishtirok etmayotgani va ishtirok etish niyatida ham emasligi”ni ta’kidladi.
Reuters agentligi manbalariga tayanib yozishicha, Akrotiri aviabazasiga ikkita dron hujum qilgan, ulardan biri tutib qolingan.
Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Bahrayn va Kiprdagi aviabazalardan parvoz qiladigan Britaniya samolyotlari aniqlangan dronlar va raketalarni urib tushirishini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff AQSh va Isroil harbiy operatsiya olib borayotgan Eronga Rossiya yordam ko‘rsatmasligini qattiq talab qilgan. Bu haqda Uitkoffning o‘zi 8 martga o‘tar kechasi prezident samolyoti Air Force One bortida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, ma’lum qildi.
Jurnalistlarning u Rossiya rahbariyatiga Eron bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishmaslik kerakligini aytgan-aytmagani haqidagi savoliga Trampning maxsus vakili shunday javob berdi: “Men buni qat’iy tarzda aytdim”. U boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
Bundan avval CNN telekanali va The Washington Post gazetasi AQSh maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib, Moskva Tehronga Amerika quruqlikdagi qo‘shinlari, harbiy kemalari va aviatsiyasining joylashuvi hamda harakatlari haqida ma’lumotlar uzatayotganini xabar qilgan edi.
Mavzuga oid
21:15
Rossiya Ukraina bilan «2022 yildagi Istanbul kelishuvlari asosida» muzokaralar olib borishga tayyor - Putin
16:29
Sverdlovsk oblastida quyun hodisasi kuzatildi – fotolar
10:30
Jurnalistlar: Ukraina urushida kamida 227 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan
08:55